Jinoyatga yo‘l yo‘q
Mahalla — qadriyatlar maskani. U yerda mehr bor, bir-birovga hurmat, oqibat bor, bolalarning kulgisi, onalarning duosi, nuroniylarning nasihatlari aynan o‘sha nurli maskanda jamlangan. Mahalla tinch bo‘lsa, mamlakat farovon, xalq xotirjam yashaydi, farzandlar emin-erkin ulg‘ayib, orzulari sari qanot ochadi.
O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 3-yanvarda qabul qilingan “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham ushbu mehrli maskanning yanada xavfsiz va obodligi yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Qaror ijrosini ta’minlash borasida Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan keng qamrovli va manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, kriminogen vaziyati og‘ir hisoblangan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklar ildiziga yetish maqsadida “namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz yo‘lak” kabi tashabbuslar hayotga tatbiq etilmoqda.
Bu borada tumanning eng murakkab hududlari qatorida qayd etilgan Shoshtepa mahallasi alohida e’tiborga loyiq. Maydoni 46,75 gektarni tashkil etuvchi ushbu hududda 5 219 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahallada 14 ta ko‘p qavatli uy mavjud bo‘lib, aholining muayyan qismi ijtimoiy himoya reestri, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”da qayd etilgan. Xususan, 150 nafar ayol, 5 nafar yosh va 35 ta oila ehtiyojmandlar safida.
2024-yilning 4 oyida “qizil” toifadagi mahalla sifatida belgilangan Shoshtepada huquqbuzarliklar bilan bog‘liq holatlar tashvishli edi: 4 ta jinoyat, jumladan, 2 ta o‘g‘rilik, 1 ta oilaviy zo‘ravonlik, 1 ta yengil tan jarohati hamda 244 ta ma’muriy huquqbuzarlik qayd etilgandi.
Vaziyat tahlili shuni ko‘rsatdi ki, ushbu raqamlar hududdagi aniq ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy kamchiliklar borligidan dalolat. Ya’ni 6 ta uyning fasad qismi ta’mirtalab holda, bolalar va sport maydonchalari, saylgoh, nuroniylar maskani, avtoturargohlar mavjud emas. Nazorat kameralari o‘rnatilmagan, zamonaviy mahalla arkasi yo‘q, aholi orasida ichkilikbozlik, ekstremizmga moyillik, ruhiy kasallik va sudlanganlik holatlari kuzatilgan.
Shu tarzda jinoyatchilikning asosiy sabablari sifatida ijtimoiy muhitning nosozligi, infratuzilmaning rivojlanmaganligi va aholi bandligi masalasidagi muammolar qayd etildi.
Mazkur tahliliy-tanqidiy o‘rganishlardan so‘ng Yunusobod tumani prokuraturasi boshchiligida 2025-yil boshidan boshlab Shoshtepada keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborildi. Avvalo, ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilashga e’tibor qaratildi. 85 ta noqonuniy qurilma buzilib, foydalanilmay kelayotgan qarovsiz binodan nuroniylar uchun fayzli maskan tashkil etildi. 400 kitobga ega kutubxona, Wi-Fi zonasi, 32 ta o‘rindiq bilan zamonaviy maydoncha barpo etildi. Mahalla peshlavhasi (36 m²) va “SOS” tugmasi bilan jihozlangan nazorat kameralari o‘rnatildi. 7 500 m² yerga asfalt yotqizilib, mahalla idorasi ta’mirlandi.
Texnik infratuzilma rivoji yo‘lida ham katta ishlar amalga oshirildi. Xususan, 77 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatildi, shu jumladan ulardan 10 tasi Face-ID texnologiyasiga ega bo‘lsa, 27 tasi – ichki ishlar organiga, 20 tasi – profilaktika inspektori xizmat xonasiga integratsiya qilingan. 2 ta piyodalar va velosiped yo‘laklari qurildi. Ta’mirtalab ahvoldagi 555-sonli bolalar bog‘chasi hududida qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borilib, sun’iy chim bilan qoplangan maydoncha, Workout zonasi, 350 metr panjara bilan o‘rab chiqildi, 3 000 metr kvadrat tashqi qismi mukammal ta’mirlandi. Mahalla va bog‘cha hududiga quyosh panellari, bitta ko‘p qavatli uyga tungi yoritish tizimi o‘rnatildi.
Issiqlik, suv va elektr tarmoqlari yangilandi. 15x12 m o‘lchamda Yangi O‘zbekistonning ma’naviy yuziga aylangan Uchinchi Renessans mohiyatini ochib beradigan tasvir joylashtirildi.
Bundan tashqari, 585 ta elektr taqsimlash qutisi ta’mirlanishi natijasida yiliga 7,8 mln kVt/soat energiya (2,3 mlrd so‘m) iqtisod qilinishi kutilmoqda. 300 ta manzarali va 1 500 tup mavsumiy gullar ekildi.
Bunday keng ko‘lamli sa’y-harakatlar esa ko‘p kuttirmasdan o‘z natijalarini ko‘rsatdi. 2025-yilning boshidan buyon mahallada birorta ham jinoyat va huquqbuzarlik qayd etilmagani faoliyatimiz ko‘zgusi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qolaversa, og‘ir toifadagi 4 nafar yoshdan 2 nafari ish va o‘qish bilan ta’minlanib, sog‘lom muhitga qaytarildi.
21 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 133 ta ish o‘rni yaratildi. 261,8 mln so‘m mol-mulk solig‘i undirildi. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida, kam ta’minlangan aholi uchun bandlik imkoniyatlari kengaydi. Misol uchun, Rossiyadan (migratsiyadan) qaytgan M.Ubaydullayevaga “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida kredit ajratildi, u hozir o‘zidan boshqa yana bir fuqaroni foydali mehnat bilan band qildi. Sh.Muratova hamda Z.Atametov 60 mln so‘m kredit bilan ta’minlanishi natijasida qadoqlash va tikuvchilik bilan shug‘ullanmoqda, jami 5 nafar kam ta’minlangan aholi ham ish bilan band bo‘ldi.
Shoshtepa mahallasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar nafaqat jinoyatchilikni jilovlash, balki xavfsiz, obod va ijtimoiy jihatdan barqaror muhitni shakllantirishda namunaviy tajriba bo‘lib xizmat qilmoqda. Prokuraturaning tashabbusi va mahalliy hokimiyatlar hamkorligidagi tizimli yondashuv — har bir mahallada huquqbuzarlikka qarshi samarali mexanizm shakllantirilishi mumkinligini isbotladi.
Yaxyo ABDURAHMONOV,
Yunusobod tumani prokurori