GENDER TENGLIK-ASOSIY INSON HUQUQLARIDAN BIRI
Gender – xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, ta’lim hamda ilm-fan sohalarida namoyon bo‘ladigan ijtimoiy jihat hisoblanadi. Gender tenglik tushunchasi jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, madaniyat, ta’lim, ilm-fan, sport munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklarning huquq hamda imkoniyatlarining tengligini anglatadi. Ushbu mavzu juda ham dolzarb sanaladi. Mamlakatimizda gender tenglik malasiga davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmoqda. Nega? Buning sababi nimada? Mavzugi teranroq nazar solamiz. Gender tenglikni ta’minlash va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari butun dunyoda o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganini ta’kidlab o‘tdi. Bu bejiz emas, chunki gender tenglikka erishish va yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish jamiyat hayotining barcha jabhalarida barqaror taraqqiyotga erishish uchun asosiy poydevor yaratib beradi. Mazkur yo‘nalishdagi samarali siyosat umr ko‘rish davomiyligi, ta’lim sifati, bandlik va, umuman, rivojlanishning belgilangan ko‘rsatkichlariga erishishga ko‘maklashadi. Aynan shu sababli O‘zbekistonda bu masalalar davlatimizning doimiy diqqat markazida.
O‘tgan vaqt mobaynida bu borada katta qadamlar tashlandi. Jumladan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, Oliy Majlis Senatida esa Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi faoliyat boshladi. Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha sezilarli qadamlar qo‘yildi. Shu maqsadga qaratilgan qonunlar qabul qilinib, davlat boshqaruvida xotin-qizlarning o‘rnini kuchaytirishga e’tibor qaratilmoqda.
Darhaqiqat, bugun mamlakat taraqqiyotida xotin-qizlarning ham ulushi oshib borayapti. Ular erkalar bilan bir qatorda davlat boshqaruvi, ta’lim, tibbiyot, tadbirkorlik, sport, ilm , fan qo‘yingki, barcha tarmoqlarda faolligi oshdi. Avvallari, xotin-qizlar faqatgina tibbiyot, ta’lim sohalarida ko‘proq faoliyat ko‘rsatgan. Bularning barchasi huquqiy tomonlama qonunchilikda belgilandi. Masalan, 2019 yil 2 sentyabrda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining qonuni xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rniga qaratilgan huquqiy himoya, huquqiy kafolat bo‘ldi.
Davlat xizmatidagi rahbarlik lavozimlarini egallash uchun tanlovda xotin-qizlar va erkaklarning teng ravishda ishtirok etishi O‘zbekiston qonunchiligi bilan kafolatlangan. Davlat organlarining kadrlar xizmatlari zimmasiga davlat xizmatining tegishli lavozimlarida ishlayotgan xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham taqdim etish majburiyati yuklatildi.
So‘nggi yillarda gender tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish bo‘yicha ishlar bir necha yo‘nalishlarda olib borilmoqda:
• ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish;
• ayollarni himoya qilishning institusional asoslarini takomillashtirish;
• aholining gender tenglik va ayollar huquqlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish;
• huquqni qo‘llash amaliyotida ularga rioya etilishini ta’minlash uchun mas’ul mansabdor shaxslarni tegishli huquqiy me’yorlar asosida o‘qitish.
Mamlakatimizda bir qator qonun hujjatlari, jumladan, Prezidentning xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash, xususan, gender tengligi va ayollarni zo‘ravonlik va zulmdan himoya qilish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqomini kuchaytirish to‘g‘risidagi farmon va qarorlari qabul qilingan.
Gender tengligini joriy qilish nuqtai nazaridan ta’limdagi ijobiy siljishlarni alohida ta’kidlash kerak. Ya’ni, 2017 yildan boshlab aksariyat oliy o‘quv yurtlarida turli mutaxassisliklar bo‘yicha sirtqi bo‘limlar faoliyati tiklandi. Ta’limning ushbu shakli yosh ayollarga bolalarni parvarish qilish va boshqa oilaviy majburiyatlarni bajarishga xalal qilmasdan oliy ma’lumot olish imkoniyatini beradi. Shu o‘rinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil iyun oyida Oliy Majlis Senatidagi nutqidan iqtibos keltirsak: “Meni kishilarimizning ongida paydo bo‘lgan stereotip ko‘p o‘ylantiradi. Odatda biz ayolni avvalambor ona, oila qo‘rg‘onining qo‘riqchisi sifatida hurmat qilamiz. Bu, shubhasiz, to‘g‘ri. Ammo bugun har bir ayol oddiy kuzatuvchi emas, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisi ham bo‘lishi kerak”.
Gender tenglik sohasidagi qonunchilik choralariga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash va himoya qilishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish maqsadida 2019 yil sentyabr oyida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlar qabul qilindi. To‘g‘ri, hozir biz yashayotgan davr yangilanayotgan O‘zbekistonning islohotlarida inson manfaatlarining ustunligiga qaratilgan bir paytda, hali ham oilaviy nizolarning juda katta qismi erkaklar tomonidan ayol huquqlarining tan olinmaslik holatlari shuningdek, ayrim holatlarda jamiyatda ham xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlariga yetarlicha ahamiyat berilmayotgani haqiqatdir.
Gender tushunchasi faqat ayollar manfaatlarini ifodalamaydi. Balki har ikki jins vakillarining o‘z orzu va maqsadlari sari dadil odimlashi, hayot sifatini oshirish uchun bir xil imkon berish kerakligini ilgari suradi, xolos. Aynan rivojlangan jamiyatning talablaridan biri bu erkak va ayol huquqlari tengligining ta’minlanishidadir.
Darhaqiqat, qadim yunon Suqrot, Arastu, Aflotun kabi olimlari eng yaxshi davlat sifatida jamiyatda tenglik va adolat hukm surgan polisni nazarda tutishgan. Eng yaxshi qonunlar sifatida ham barcha tengligini kafolatlagan qonunlarni ilgari surishgan. Erkak va ayollar tengligi g‘oyasini yunon olimi Antifont o‘z asarlarida qo‘llagan holda: «Tabiat barchani: ayollarni ham, erkaklarni ham teng qilib yaratadi, lekin odamlar insonlarni tengsiz holatga soluvchi qonunlarni ishlab chiqishadi», deb ta’kidlagan. Sharq qomusiy olimlardan Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida tenglik hukm surgan davlatni fozillikka intilgan davlat sifatida qayd etgan bo‘lsa, 1791 yilda Olimpiya De Guj tomonidan tayyorlangan fuqarolik va ayol huquqi deklaratsiyasida ilk bor ayollarning erkin fikrlash va o‘z fikrini bildirish huquqiga ega ekanligi e’tirof etilgan.
Kundalik hayotiy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, xalq farovonligida, jamiyat tinchligida hamda iqtisodiy barqarorlikda erkak va ayolning teng huquqliligi muhim o‘rin tutadi. Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha davlat miqyosida ishlab chiqilgan qonunlar va dasturlar ham muhim ahamiyatga ega. Hatto Jahon Iqtisodiy forumi (The Global Gender Gap) o‘tkazgan tadqiqot natijalariga qaraganda, xotin-qizlar erkaklarga nisbatan bir yilda qariyib 35 kundan ko‘proq ishlar ekan. BMT Bolalar Jamg‘armasi (YUNISEF) tadqiqotlariga qaraganda esa, qizlar o‘g‘il bolalarga nisbatan biror ishni bajarishda 35-36 foiz ko‘p vaqt sarflar ekan. Bu hali ham dunyoda gender tengligiga erisha olinmayotganligini ko‘rsatadi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning gender kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida O‘zbekiston Respublikasida Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya tashkil etildi. Komissiyaning asosiy vazifalari xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish, ushbu sohada davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish, ushbu sohada qilingan ishlar bo‘yicha har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga axborot taqdim etish, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash va bu borada xalqaro standartlarga rioya etish sohasida xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning tegishli organlari bilan hamkorlikni amalga oshirishdan iborat.
Hayot shiddat bilan o‘zgarayotgan davrda jamiyat ham taraqqiy etar ekan, insonlar ham zamon bilan hamnafas bo‘lishga harakat qilashadi. Bu ayollarga ham tegishlidir. Endilikda ayollar faqat uy-ishlari, bola tarbiyasi bilan shug‘ullanib, “ yo oila, yo ish” ,- degan fikrlar gender tengligiga to‘sqinlik qiladi. Ko‘rib turibmizki, rivojlanishning eng o‘tkir muammolaridan biri tenglikka erishish, ayniqsa, jamiyatda ham, oilada ham erkak va ayolning gender tengiligiga erishish eng og‘ir masalalardan biridir.
E’tiborli jihati shundaki, bugungi yangilanayotgan jamiyatda ayollarning siyosat va iqtisodiyotga keng jalb qilinishi tufayli gender tengligi borasida o‘zgarishlar, siljishlar, hattoki yutuqlar ko‘zga tashlanmoqda. Ayniqsa, siyosatda ayollar faollashganining guvohimiz ya’ni davlat boshqaruvida, sudlov tizimida, ichki ishlar, bojxona tizimida ham xotin-qizlarning mehnat qilayotgani ayni haqiqatdir. Siyosiy partiyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligiga nomzodlar ko‘rsatishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlanadi. Ko‘pchilik, hokim ayollarimizni qo‘llab-quvvatlamoqda, hatto endilikda jamiyat ishlarida ayollarning keng ishtirokiga ko‘nikib ham qolishmoqda. Masalan, jamiyat ishiga faol ishtirok etayotgan ayollarning turmush o‘rtog‘i tushungan holda uni qo‘llab-quvvatlamoqda. Farzand tarbiyasi hambilan birga turli tadbirlarda ishtirok etar ekan, o‘zi bilmagan holda siyosatga kirib qoladi. Xotin-qizlar erkaklar bilan teng huquqli bo‘lish bilan bir qatorda siyosatda o‘zlarini ko‘rsatish imkoniyatlariga ega bo‘lishdi.
Gender tenglik jamiyat rivojida muhim bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarda dolzarb ahamiyatga ega ekanligi bugungi kunda yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bugun oilada, jamiyatda, ayniqsa, xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani natijasida ijtimoiy munosabatlarda ham, qonunchilikda ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Xulosamiz shuki, gender tenglikni ta’minlamay,taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi.....
Mehrojiddin Darxanov
Yunusobod tumani hokimligi matbuot kotibi,
Axborot siyosati masalalari bo‘yicha hokim maslahatchisi