Yunusobod tuman prokurorining murojaati
Assalomu alaykum, muhtaram Yunusobod tumani fuqarolari va aziz mehmonlar!
Joriy yilda tumanimiz hududida 53 marotaba ommaviy-madaniy, ijtimoiy-siyosiy va sport tadbirlari o‘tkazilib, mazkur tadbirlarda 55 mingdan ortiq fuqarolarning xavfsizligi ta’minlandi. Bu jarayonlarda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda Yunusobod tumani ichki ishlar organlari xodimlari o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdilar.
Muhtaram tuman fuqarolari!
Sizlarni xabardor etish maqsadida joriy yilda tuman hududida jinoyatchilik holati bo‘yicha qisqacha ma’lumot bermoqchiman. Jumladan:
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 229 ta jinoyat fosh etildi;
182 nafar huquqbuzar shaxslar aniqlandi;
44 nafar shaxslar Reabilitatsiya markaziga joylashtirildi;
Jinoyat sodir etishga moyil 750 nafar shaxs profilaktik hisobga, 27 nafar ilgari sudlanganlar esa ma’muriy nazoratga olindi;
32 nafar ruhiy kasal, giyohvand yoki spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan fuqarolar majburiy davolanishga jo‘natildi;
86 nafar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga “Himoya order”lari berildi;
331 ta sovuq qurol olib yurish holati bo‘yicha ma’muriy choralar ko‘rildi;
40 nafar shaxsga nisbatan mahalla yettiligi xulosalari asosida jinoyatchilikka moyillik yoki jabrlanish xavfi bo‘yicha ishlar amalga oshirildi.
Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida tumanda oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar 20,5% ga kamaydi.
Jinoyat turlarida quyidagi kamayish kuzatildi:
Bosqinchilik: 4 ta jinoyatdan 2 taga;
O‘g‘irlik: 89 tadan 83 taga;
Firibgarlik: 39 tadan 19 taga;
Bezorilik: 9 tadan 8 taga;
O‘lim bilan bog‘liq YTH: 4 tadan 1 taga;
Yengil tan jarohati: 10 tadan 1 taga;
O‘rtacha og‘ir tan jarohati: 8 tadan 3 taga;
Shu bilan birga, ichki ishlar xodimlari tashabbusi bilan aniqlangan jinoyatlar soni 35,2% ga oshdi (162 tadan 219 taga).
2025-yilning birinchi to‘rt oyi davomida jinoyatchilikni jilovlash maqsadida olib borilgan ishlar natijasida 64 ta mahallaning:
42 tasida (65,6%) jinoyatlar soni kamaygan,
14 tasida (24,9%) hech qanday jinoyat qayd etilmagan.
PQ-1-sonli qaror ijrosini ta’minlash maqsadida:
“Qizil” va “sariq” toifadagi mahallalardagi o‘g‘irlik jinoyatlari sodir etilgan ko‘chalar bo‘yicha 165 ta qo‘riqlash xizmatiga arizalar topshirildi;
Mahallalarga 1 639 ta ogohlantiruvchi stikerlar (masalan, “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qo‘riqlovda!” va boshqalar) o‘rnatildi;
336 ta videokuzatuv kameralari, 44 ta PTZ kameralari, 33 ta yuz va avtoraqamni tanuvchi kameralar, 349 ta zamonaviy domofonlar o‘rnatildi;
517 ta xonadon Milliy gvardiya tomonidan texnik qo‘riqlovga olindi;
200 ta tashvish tugmalari va 154 ta obyekt qo‘riqlov tizimiga ulandi;
26 ta “Xavfsiz ko‘cha” va 65 ta “Xavfsiz yo‘lak” loyihalari amalga oshirilmoqda.
Muhtaram fuqarolar!
Bizni oldimizda yana jiddiy xavf-xatarlar kutmoqda va ularni yashirib o‘tirishning foydasi yo‘q.
Birinchidan – kiberjinoyatlar. Joriy yilda 539 ta kiber-jinoyat qayd etildi. Ulardan:
17 tasi kiber-o‘g‘rilik,
289 tasi kiber-firibgarlik holatlari. Afsuski, 9,34% holatda fuqarolar o‘z plastik kartasi ma’lumotlarini o‘zlari jinoyatchilarga bergan bo‘lsa, 30,79% holatda internet orqali onlayn savdoda aldanish holatlari yuz berdi.
Kiberjinoyatlarga qarshi kurashishning eng samarali usuli — fuqarolarda xavfsizlik immunitetini shakllantirishdir.
Hurmatli fuqarolar, shaxsiy ma’lumotlaringizni hech kimga bermang!
Mahallalardagi telegram kanallarga a’zo bo‘lib, doimiy axborot olishingizni so‘raymiz.
Ikkinchidan – giyohvandlik. Joriy yilda:
1 kg. 948 gr. giyohvand moddalar muomalasiga chek qo‘yildi;
147 nafar shaxs javobgarlikka tortildi.
Aniqlangan moddalar 200 nafardan ziyod yoshlarni zaharlashi mumkin edi. Bu borada internetdagi “kladmen”, “zakladchik”, admin va operatorlar orqali jinoyatlar ko‘payabdi. Lekin talab bo‘lmasa, taklif ham bo‘lmaydi!
Uchinchi masala – uylarning qarovsiz qolishi. Ayniqsa, dam olish mavsumida xonadonlar qarovsiz qolmoqda. O‘g‘irlik jinoyatlari tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, jinoyatchilar xonadonda odam yo‘qligini aniqlaganidan so‘ng jinoyatni sodir etadi. Shu bois, uylaringizni qo‘riqlash xizmatiga topshirishni tavsiya etamiz. Bu siz uchun ham osoyishtalik, ham mulk xavfsizligi demakdir.
Muhtaram tumandoshlar, poytaxtimiz mehmonlari!
Jinoyat sodir etilgandan keyin emas, uning oldini olish muhim! Shu maqsadda tumandagi har bir mahallada telegram kanallar faoliyat yuritmoqda. Ushbu kanallarga a’zo bo‘lib, profilaktika inspektori bilan bevosita aloqada bo‘lish, turli muammolar bo‘yicha murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.
Agarda fuqarolar, jamiyat yoki davlat xavfsizligiga tahdid soluvchi holatlar, huquqbuzarliklar yoki jinoyatlar haqida ma’lumotlarga ega bo‘lsangiz, “102” raqami yoki ishonch telefonlariga xabar bering. Xabar bergan shaxs haqidagi ma’lumotlar sir saqlanishiga to‘la kafolat beramiz. Bu – faqatgina burchingizni ado etish hisoblanadi.
Yunusobod tumani ichki ishlar organlari nomidan barchangizga tinchlik, oilaviy totuvlik va salomatlik tilaymiz. Birgalikda tinch va xavfsiz tumanni barpo etish – hammamizning burchimiz.
E’tiboringiz uchun rahmat!
YA.A.Abdurahmonov,
Yunusobod tumani prokurori