YUQORI KUCHLANISHLI PODSTANSIYALARDA MODERNIZATSIYA ISHLARI DAVOM ETMOQDA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Toshkent shahri iste’molchilarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlashni yanada yaxshilash to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, «Toshkent shahar elektr tarmoqlari» MChJ tomonidan poytaxtning barcha tumanlarida elektr energiyasi ta’minoti samaradorligini oshirish, tizimdagi yuklamalarni barqaror taqsimlash va iste’molchilarni uzluksiz hamda sifatli elektr ta’minoti bilan ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli modernizatsiya ishlari olib borilmoqda.
Ayniqsa, mavjud yuqori kuchlanishli 35-110 kVli podstansiyalar zamonaviy talablar asosida yangilanmoqda. Yunusobod tumanida joylashgan podstansiyalarda elektr qurilmalari to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilmoqda, xizmat muddati tugagan hamda texnik jihatdan eskirgan uskunalar yangi, energiya tejamkor va yuqori ishonchli uskunalarga almashtirilmoqda.
Bundan tashqari, podstansiyalarda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari, zamonaviy rele himoya vositalari va masofadan nazorat qilish imkonini beradigan raqamli uskunalar o‘rnatilmoqda. Bu esa, ta’minotning uzluksizligi va xavfsizligini oshirish bilan birga, nosozliklarni aniqlash va bartaraf etish muddatini qisqartirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, ta’mirlash va modernizatsiya ishlari iste’molchilarni eng kam darajada bezovta qilgan holda, bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Barcha ishlar belgilangan reja-grafik asosida va xavfsizlik talablariga rioya qilingan holda olib borilmoqda.
Mazkur ishlar yakunida Toshkent shahridagi elektr tarmoqlari yanada barqaror, xavfsiz va energiya tejamkor tizimga aylanishi kutilmoqda. Bu esa nafaqat mavjud iste’molchilar, balki yangi qurilayotgan turar-joy massivlari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlari uchun ham mustahkam energetik baza yaratishga xizmat qiladi.
O'zbekcha
Русский
English