Yunusobodda xavfsizlik va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda
Yunusobod tumani hokimligi, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari Z.Ruziyev va I.Hamrayev, shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari R.Sherov hamda mas’ul xodimi D.Achilov ishtirokida, tuman FVB boshlig‘i N.Qo‘chqorov hamrohligida Markaz-5 hududida joylashgan “COMO PIZZA” MCHJ rahbariyati va ishchi-xodimlari bilan is gazidan zaharlanish, havo-gaz aralashmasining chaqnashi hamda boshqa turdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida profilaktik suhbat o‘tkazildi.
Suhbat davomida fuqarolarga isitish moslamalaridan xavfsiz foydalanish, gaz jihozlarini to‘g‘ri ishlatish, havo almashinuvi va ventilyatsiya tizimlariga e’tibor qaratish zarurligi tushuntirildi. Shuningdek, favqulodda holat yuz bergan taqdirda to‘g‘ri harakat qilish, birinchi yordam ko‘rsatish va 1050 qisqa raqamiga murojaat etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Shu bilan birga, Yunusobod tumani FVB xodimlari tomonidan Bo‘zsuv mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Kumush Buloq BSK” MCHJning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari ham o‘rganildi.
Korxonadagi isitish tizimlari, yong‘in xavfsizligi vositalari va favqulodda chiqish yo‘laklari holati ko‘zdan kechirildi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Bunday profilaktik tadbirlar aholining hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish, xavfsiz muhitni ta’minlash hamda kuz-qish mavsumida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
O'zbekcha
Русский
English