Yoshlarni ma’naviy barkamollik va axloqiy tarbiya ruhida tarbiyalashga qaratilgan seminar tashkil etildi

12.06.2025 / 126

  Harbiy libos kiygan holda safda o‘tirgan bu yoshlar — ichki ishlar organlari hisobida turgan, xulqi og‘ir, uyushmagan toifaga mansub o‘smirlardir. Ularni tarbiyalash, jamiyatga qayta moslashtirish maqsadida ushbu shakldagi faoliyatlar tashkil etilmoqda. Harbiy kiyim — faqatgina intizom ramzi emas. Uni kiygan har bir inson o‘z yelkasida Vatan oldidagi burch va mas’uliyatni his etadi. Shu bois, ushbu tarbiyaviy tadbirlarda ishtirok etayotgan yoshlar orasida turli qismat va hayot sinovlarini boshidan o‘tkazganlar bor. Bu yerda tarbiyasi og‘ir yoshlarni hayotga qaytarish maqsadida tez-tez uchrashuvlar o‘tkaziladi.

  Ana shunday tadbirlarning navbatdagisi Yunusobod tumani hokimligi Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi rahbari Kamola Miraminova hamda Respublika Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi hamkorligida “Jasorat maktabi” harbiy qismida “Ommaviy madaniyatning yoshlar estetik va axloqiy tarbiyasiga ta’siri” mavzusida o‘tkazildi.

  Seminarda umumta’lim muassasalari o‘quvchilari qatorida ichki ishlar organlarida profilaktika hisobida turgan, tarbiyasi og‘ir va uyushmagan toifaga mansub yoshlar ham ishtirok etdi. Bu kabi tadbirlar ushbu toifadagi yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish, ularni ma’naviy tarbiyalash va jamiyatga moslashtirishda muhim ahamiyatga ega.

  Tadbir doirasida ishtirokchilar "Etika" fanining predmeti, uning tadqiqot doirasi va asosiy vazifalari, axloqiy me’yorlar va tamoyillar, inson va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarda axloqiy yondashuvning ahamiyati to‘g‘risidagi ma’ruzalarni tinglashdi. Shundan tashqari, ommaviy madaniyatning yoshlar ongi va xulq-atvoriga ta’siri, madaniy tanlovni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va yot g‘oyalardan himoyalanish borasida amaliy tavsiyalar berildi.

  Kamola Miraminova o‘z ma’ruzasida estetik va axloqiy tarbiya o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik, yoshlarda mustaqil fikrlash, ma’naviy immunitet va milliy qadriyatlarga sodiqlikni shakllantirish zarurligini alohida ta’kidladi. Yoshlar parlamenti a’zosi esa yoshlarning axborot muhitidagi faolligi, ularni salbiy ta’sirlardan himoya qilish va ijobiy namuna orqali tarbiyalash haqida gapirdi.

  Seminar yakunlarida ishtirokchilar uchun "VAQT" nomli qisqa metrajli film namoyish etildi. Ushbu film orqali yoshlarga vaqtning qadri, bekorchilikning salbiy oqibatlari va mas’uliyatli hayot tarzi haqida ta’sirli g‘oyalar yetkazildi.

  Tadbir so‘ngida ochiq muloqot tashkil etilib, yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Ularning fikr va mulohazalari eshitildi. Tashkilotchilar tomonidan bunday ma’rifiy uchrashuvlarni davomli o‘tkazish maqsad qilindi, chunki ular yoshlarning ongida ijobiy o‘zgarishlarga zamin yaratadi.

Powered by GSpeech