Yunusobod tumanida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi amaliy qadam

29.06.2025 / 29

  Yunusobod tumani hokimligi tomonidan Prezidentimizning 2025 yil 14 martdagi PQ-103-sonli “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida "Ayollar daftari"da qayd etilgan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj hamda turli qiyinchiliklarga duch kelayotgan xotin-qizlar uchun amaliy yordam ko‘rsatish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

 Shu maqsadda, tumanda istiqomat qiluvchi bir guruh xotin-qizlar Bo‘stonliq tumanidagi tabiiy go‘zallikka boy dam olish maskanlariga yuborildi. Ushbu tashabbus orqali ularning jismoniy va ruhiy barqarorligini tiklash, ijtimoiy faolligini oshirish, shuningdek, kelgusidagi shaxsiy rivojlanishiga turtki berish ko‘zda tutilgan.

  Dam olish paytida xotin-qizlar uchun nafaqat ko‘ngilochar dasturlar, balki ularning shaxsiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan psixologik mashg‘ulotlar, motivasion seminarlar va treninglar ham tashkil etildi. Seminarlarda xotin-qizlarga mutaxassislar tomonidan muammolarni yengib o‘tish, o‘zini anglash va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishga oid maslahatlar berildi.

  Shuningdek, tadbirkorlik va oilaviy biznes yuritishga qiziqqan ayollar uchun maxsus dasturlar asosida biznes reja tuzish, moliyaviy savodxonlik, grantlar va subsidiyalardan foydalanish mexanizmlari yuzasidan amaliy ko‘nikmalar berilayotgani ayniqsa ahamiyatli bo‘ldi.

  Seminarlarda Yunusobod tumani hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari L.Aliyeva ham ishtirok etib, xotin-qizlar bilan yaqin va samimiy muloqot o‘tkazdi. U ayollarning fikr va takliflarini tingladi, muammolariga yechim topish yuzasidan tegishli mas’ullarga topshiriqlar berdi. Shu bilan birga, mamlakatimizda ayollar manfaatlarini ta’minlash, ularni jamiyatda munosib o‘ringa ega bo‘lishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

 Ushbu tashabbus xotin-qizlarning ruhiy ko‘tarinkiligini oshirish, o‘z imkoniyatlariga ishonchi mustahkamlanishi va hayotga ijobiy qarash shakllanishiga xizmat qilmoqda. Bunday amaliy qadamlar orqali jamiyatda ayollarning ijtimoiy faolligi, ma’naviy yetukligi va iqtisodiy mustaqilligiga erishish borasidagi harakatlar yanada kengaymoqda.

 Tashkil etilgan dasturlar jarayonida xotin-qizlar o‘z minnatdorliklarini izhor etib, bu kabi g‘amxo‘rlik va e’tibor ular uchun katta ruhiy tayanch bo‘layotganini ta’kidladilar.

Powered by GSpeech