Yunusobod tumani hokimligi va Toshkent arxitektura-qurilish universiteti o‘rtasida memorandum imzolandi

02.06.2025 / 152

  Yunusobod tumani hokimligi hamda Toshkent arxitektura va qurilish universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Mazkur hamkorlik hujjati tumanning shaharsozlik va me’moriy salohiyatini oshirish, shuningdek, oliy ta’lim muassasasi talabalarining amaliy tajribasini mustahkamlashga qaratilgan.

  Memorandumga muvofiq, tomonlar Yunusobod tumanining mavjud 64 ta mahallasida dual ta’lim asosida magistrant va bakalavrlarni biriktirish hamda ularni amaliy loyihalarga jalb etish bo‘yicha kelishib oldilar. Ta’lim bilan ish o‘rnini uyg‘unlashtirgan mazkur yondashuv yosh mutaxassislarning tajribasini oshirish, obodonlashtirish va zamonaviy landshaft dizayn yechimlarini joriy etishga xizmat qiladi. Shuningdek, mahallalar qiyofasini yaqin kelajakka va uzoq muddatli zamonaviy ko‘rinishga keltirish, aholining demografik o‘sishiga qarab kommunikatsiya tarmoqlari hamda xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish bo‘yicha zarur sharoitlar yuzasidan kelishildi.

  Har bir mahallada talabalar hamda universitet mutaxassislari ishtirokida:

- me’moriy-shaharsozlik holati tahlil qilinadi;

- landshaft dizayni bo‘yicha loyihalar ishlab chiqiladi,

- yashil hududlar, jamoat joylari va yo‘l atrofi infratuzilmasi takomillashtiriladi.
Hamkorlik doirasida mahalliy aholi bilan ochiq muloqotlar tashkil etilib, loyihalarda fuqarolarning taklif va mulohazalari inobatga olinadi.

  Yunusobod tuman hokimligi va Toshkent arxitektura va qurilish universiteti o‘rtasidagi mazkur hamkorlik nafaqat talabalar uchun amaliy tajriba maydoni, balki mahallalar uchun zamonaviy, qulay va ekologik muhit yaratishga xizmat qiladi.

Powered by GSpeech