Yunusobod tumani hokimining “O‘qituvchi va murabbiylar” kuni bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrigi

01.10.2024 / 190

Qadrli ustozlar, mehri daryo o‘qituvchi va murabbiylar!

Avvalo Sizlarni, Sizlar orqali bor kuch va g‘ayratini yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdek sharafli va mas’uliyatli ishga bag‘ishlab kelayotgan barcha soha fidoyilarini bugungi ulug‘ bayram “O‘qituvchi va murabbiylar” kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
So‘ngi yillarda Davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda ilm-ma’rifatni yuksaltirish asosida Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yish maqsadida tizimli ishlar boshlab yuborildi. Zero, Muhtaram Yurtboshimizning “Ta’lim – sohalar ichida eng dolzarbi, maktab – eng muhimi bo‘lsa, o‘qituvchilik kasblar orasida eng ulug‘idir”, degan purma’no so‘zlari, albatta Siz aziz ustozlarga berilgan eng munosib bahodir.
Darhaqiqat, o‘qituvchi va murabbiylar hayotimiz charog‘bonidir. Kim bo‘lmaylik, qaysi sohada ishlamaylik, barchamizga muallimlar ta’lim va tarbiya berishgan. Ularning erishgan har bir yutuq va muvaffaqiyatlarimizda o‘rni beqiyos. Boisi, jajji bolajonlaning maktab ostonasiga qadam qo‘ygan kunidan boshlab, ustozlar onadek mehribon, otadek g‘amxo‘rlik qilib, nafaqat ilm balki, hayotda o‘z o‘rni topishda saboq beradi. Shu ma’noda onadek mehribon, otadek g‘amxo‘r, har birimiz uchun aziz va moʻtabar bo‘lgan ulug‘ zot bu muallim va murrabbiylar oldida doimo ta’zimdamiz.

Qadrli ustozlar!

Yunusobod tumanida mehri daryo ustoz va murabbiylarimizning sabog‘ini olib, hayotda o‘z o‘rnini topgan, ona yurtimizga munosib xizmat qilayotgan shogirdlar quvonchini shunchaki ta’riflab bo‘lmaydi.
Tumanimizda 6 ta oliy ta’lim muassasi, 45 ta davlat umumta’lim maktabi, shundan, 11 ta xususiy va idoraviy, 4 ta akademik lisey va 114 ta, shundan, 59 ta xususiy va oilaviy maktabgacha ta’lim muassasi mavjud. Ushbu ta’lim muassalarida minglab o‘qituvchilar fidoiylik bilan Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lgan yetuk va barkamol avlodni shakllantirish yo‘lida umrini baxshida qilib kelayapti.
Fursatdan foydalanib, Siz aziz ustozlarimizga farzandlarimizni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalayotganingiz uchun o‘zimizning cheksiz minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Sizlarni qancha olqishlasak, qancha sharaflasak shuncha oz.

Aziz ustozlar!

Siz azizlarni va sizlar orqali tumanimizning barcha ta’lim sohasi fidoyilarini “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Barchangizga mustahkam sihat-salomatlik, xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik, faoliyatingizga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Bayramlaringiz muborak bo‘lsin!

Hurmat ila,

B.Abduvaliyev
Yunusobod tumani hokimi

Powered by GSpeech