Yunusobod tumani hokimining navbatdagi sayyor qabuli o‘tkazildi
Xabaringiz bor, Yunusobod tumani hokimi Boxadir Abduvaliyev har kuni aholi muammolarini o‘rganish va ularga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida sayyor qabullar o‘tkazib kelmoqda.
Bugun ham tuman hokimi B. Abduvaliyev Xalq qabulxonasi binosida fuqarolarni qabul qilib, ularning muammolarini tingladi. Qabulda tuman hokimining o‘rinbosarlari, tegishli soha va tashkilot rahbarlari, mahalla faollari fuqarolar ishtirok etdi.
Sayyor qabul davomida fuqarolar tomonidan turli yo‘nalishlardagi muhim ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy muammolar ko‘tarildi. Jumladan, uy-joy, ish bilan ta’minlash, ijtimoiy himoya, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish, davlat subsidiyalari va imtiyozlarini olish, davolanish uchun moddiy yordam kabi masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi.
Har bir murojaatga alohida e’tibor qaratildi. Ayrim masalalarga joyidayoq yechim topilib, muammolar bartaraf etildi. Masalan, ishsiz fuqarolar mehnat bozori orqali yo‘naltirildi, subsidiya ajratish uchun zarur hujjatlarni to‘plash bo‘yicha maslahatlar berildi. Ba’zi hollarda esa muammolarni huquqiy asosda hal etish maqsadida tegishli idoralarga topshiriqlar berildi va ularni belgilangan muddatlarda amalga oshirish yuzasidan nazorat mexanizmi joriy etildi.
Qabul yakunida kelib tushgan murojaatlarni ijobiy hal etish bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga aniq vazifalar yuklatildi. Ular ijrosi tuman hokimining nazoratiga olinib, mas’ullarga har kuni axborot taqdim etib borish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
O'zbekcha
Русский
English