Yunusobod tumani hokimi Boxadir Abduvaliyev "So‘ngi qo‘ng‘iroq" tadbirida ishtirok etdi

24.05.2025 / 198

  Yunusobod tumanidagi 44 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida yakunlangan 2024–2025 o‘quv yilida 5270 nafar 11-sinf, 6291 nafar 9-sinf o‘quvchilari bitiruvchi sifatida maktab hayoti bilan xayrlashmoqda. Shu munosabat bilan tumandagi 9-sonli umumta’lim maktabida "Ilmni qadrlang, ilmga intiling" shiori ostida o‘tgan an’anaviy "So‘ngi qo‘ng‘iroq" tadbiri ham yurt taraqqiyoti yo‘lida kamol topayotgan yosh avlodning istiqbolini yana bir bor namoyon etdi.

  Tadbirda tuman hokimi Boxadir Abduvaliyev ishtirok etdi va davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning maktab bitiruvchilariga yo‘llagan samimiy tabrigini o‘qib eshittirdi. Ushbu tabrikda yosh avlodni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, bilim olish va mustahkam hayotiy pozisiyaga ega bo‘lishga chaqiruvlar o‘z ifodasini topgan.

  Tuman hokimi o‘z nutqida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar — yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy garovi ekanini ta’kidlab, bitiruvchilarni Prezidentimiz boshchiligida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida faol ishtirok etishga, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish orqali zamonaviy kasb va mutaxassisliklarni egallashga, Vatanga sodiq va fidoyi shaxslar bo‘lib yetishishga chaqirdi.

  Tadbir davomida fidoyi ustozlar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bu esa, davlatimiz rahbariyatining pedagoglarga nisbatan yuksak e’tibori va ularning ta’lim-tarbiya borasidagi xizmatlarini munosib qadrlash namunasi bo‘ldi.

  Shuningdek, bitiruvchi o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar, Vatan, tinchlik va istiqlol g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan qo‘shiq va she’rlar tadbirga alohida mazmun bag‘ishladi.

  "So‘ngi qo‘ng‘iroq" sadosi ostida maktab bilan xayrlashgan yoshlar Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi mas’uliyatni his etgan holda katta hayotga qadam qo‘ydilar.

Powered by GSpeech