Yunusobod tumani hokimi B.Abduvaliyev tadbirkorlar bilan uchrashdi
Muloqotda yirik tadbirkorlar hamda sohaga endigina kirib kelgan 30 dan ortiq ishbilarmonlar, tumandagi 15 ta tijorat banklari boshqaruvchilari va ekspert mutaxassislar ishtirok etdilar. Uchrashuvda yuzaga kelgan asosiy masalalardan biri — tadbirkorlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar bo‘ldi.
Yirik tadbirkorlar qonunchilikdagi o‘zgarishlar, soliq va boshqa sohalarda uchrayotgan muammolar haqida fikrlar bildirib, takliflarini o‘rtaga tashladi. Shuningdek, sohaga yangi kirib kelgan ishbilarmonlar turli yo‘nalishlarda ish boshlaganligi va ish o‘rni yaratish, yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Ularga taqdim etilgan loyihalarini amalga oshirish uchun imtiyozli bank xizmatlaridan ko‘mak olish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar berildi.
Yunusobod tumani hokimi B.Abduvaliyev uchrashuvda bildirilgan barcha takliflarni tinglab, ularga yechim topish uchun mutasaddi tashkilotlarga yetkazish va tadbirkorlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, hokim tadbirkorlar faoliyatini rivojlantirish, ular uchun huquqiy va moddiy shart-sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan dasturlar va loyihalarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Uchrashuv yakunida, har tomonlama hamkorlik va ijobiy fikr almashish orqali Yunusobod tumanida tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy rivojlanishga hissa qo‘shish maqsadida hamkorlik qilishga kelishib olindi.
O'zbekcha
Русский
English