Yunusobod tuman Kengashining III chaqiriq oltinchi sessiyasi o‘tkazildi

26.02.2025 / 188

Xalq deputatlari Yunusobod tuman Kengashining III chaqiriq oltinchi sessiyasi o‘tkazildi. Unda avval, sessiya kotibi va kun tartibi, ish reglamenti tasdiqlandi.

  Sessiyaning birinchi masalasi bo‘yicha tumanda “Mahalla yettiligi” tomonidan o‘z xizmat vazifalarini bajarish holati va aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish bo‘yicha hisobot tinglandi. Mazkur masala bo‘yicha tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i I.Kadirov, tuman xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i L.Aliyeva, tuman IIO FMB bo‘limi boshlig‘i A.Shermuxamedov, tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Sh.Ibragimova, tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlari bo‘limi boshlig‘i F.Zahidova, tuman Yoshlar ishlari agentligi bo‘limi boshlig‘i M.Ikromov va tuman Mahalla uyushmasi bo‘limi boshlig‘i X.Mullajanovlar tomonidan tizimda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

  Deputatlar, kun tartibidagi masala bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishdi va mutasaddilardan batafsil javoblar oldilar.
Keyingi masala, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 127-moddasi, “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasi va “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi” Qonunining 6 va 24-moddalariga asosan, xalq deputatlari tumanlar Kengashlari yig‘ilishini o‘tkazish masalasi muhokama qilindi. Mazkur masala bo‘yicha Tuman Mahalla uyushmasi bo‘limi boshlig‘i Xusan Mullajanov axborot berdi.

  Qizg‘in muhokamalar davomida O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasining 145-sonli qarorini bajarish maqsadida, tumanda “Ayollar daftari”ning 6-bosqichi uchun amalga oshirilgan xatlov yakunlari yuzasidan hisobot atroflicha ko‘rib chiqildi. Tuman xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i La’lixon Aliyeva bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar xususida hisobot berib, deputatlardan berilgan savollarga javob berdi.

  Kun tartibida Yunusobod tuman mahalliy byudjetining 2024-yil yakunlari ijrosi to‘g‘risida, shu jumladan, 4-chorak byudjet daromadlari bazasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida masalalar ko‘rib chiqildi. Tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Avazbek To‘laganov hisobot berdi.
Sessiya davomida O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-avgustdagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonunining Yunusobod tumanida ijrosi yuzasidan hisobot tinglandi.

  Shuningdek, 2025-yil I choragi davomida Xalq deputatlari Yunusobod tuman Kengashi deputatlarining saylovchilar oldida axborot berish reja-jadvali tasdiqlandi.
Sessiya davomida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida tegishli qarorlar qabul qilindi. Hududda aholi farovonligini oshirish, ijtimoiy dasturlarni samarali amalga oshirish va mahalliy byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish borasida qator vazifalar belgilab olindi.

Powered by GSpeech