Yunusobod hokimligining rasmiy munosabati

10.02.2025 / 198

Ijtimoiy tarmoqlarda Yunusobod tumanidagi kafelardan birida buzish ishlari ogohlantirishlarsiz amalga oshirilgani haqida xabar tarqaldi.

Yunusobod tuman hokimligi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:

Davlat kadastr agentligi Yunusobod tuman filiali tomonidan bir necha marotaba rasmiy ogohlantirish berilganiga qaramay, "Real Mag Servis" MCHJ rahbariyati kadastr agentligining qonuniy talablarini bajarmagan va hech qanday huquqiy hujjatsiz 378 kv.m yer maydonini noqonuniy egallab, bino qurgan. Shu sababli, kadastr agentligi sudga murojaat qilgan.

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi 2022 yil 8-noyabrdagi 4-1001-2210/53618-sonli hal qiluv qarori bilan Kadastr agentligining da’vosini qanoatlantirib, "Real Mag Servis" MCHJ tomonidan noqonuniy qurilgan binoni buzish haqida qaror qabul qilgan. Sudning mazkur qarori qonuniy kuchga kirgan.

Shundan so‘ng, Majburiy ijro byurosining Yunusobod tumani bo‘limi tomonidan sud qarori ijrosini ta’minlash maqsadida "Real Mag Servis" MCHJ rahbariyatiga binoni ixtiyoriy ravishda buzish taklif qilingan.

2025 yil 9 fevral kuni "Real Mag Servis" MCHJ rahbariyati tomonidan umumiy maydoni 378 kv.m bo‘lgan noqonuniy qurilma buzilgan. Ushbu jarayonda Yunusobod tuman hokimiyati vakillari ishtirok etmagan.

Shu bilan birga, sud qarori qonuniy kuchga kirganiga 1 yil 4 oy o‘tgan bo‘lishiga qaramay, "Real Mag Servis" MCHJ rahbariyati turli bahonalarni ro‘kach qilib, ijtimoiy tarmoqlarda buzish uchun 10 daqiqa vaqt berilmagan degan yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatgan.

Yunusobod tuman hokimligi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini rasmiy manbalarga tayanib harakat qilishga va asoslanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikka chaqirib qoladi.

Powered by GSpeech