Yunusobod hokimi 17-sonli ixtisoslashgan maktab faoliyati bilan tanishdi

22.10.2025 / 7

Yunusobod tumani hokimi Boxadir Abduvaliyev 17-sonli ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabiga tashrif buyurib, ta’lim muassasasining faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida hokim o‘quv jarayoni, o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, yangilangan infratuzilmalar va muassasa imkoniyatlari bilan tanishdi. Xususan, hokim yangidan ta’mirlangan zamonaviy sport zalida bo‘lib, bu yerda o‘quvchilarning jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini o‘tkazishlari uchun barcha zarur inshoot va jihozlar yaratilganligini e’tirof etdi. Sport zalidagi imkoniyatlar nafaqat mashg‘ulotlarni samarali o‘tkazishga, balki yoshlarning sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va ularni jismoniy rivojlanishga rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

 Hokim Boxadir Abduvaliyev sport zalining ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi: u nafaqat sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, balki yosh avlodning iroda va intizomini mustahkamlash, shuningdek, voleybol, futbol va boshqa sport turlari bilan muntazam shug‘ullanishida muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.

 Shuningdek, hokim yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun zarur sharoitlar yaratish, iqtidorli o‘quvchilarni mahalliy va respublika miqyosidagi musobaqalarga jalb etish hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berdi. Bu esa ta’lim muassasasining sport yo‘nalishidagi faoliyatini yanada rivojlantirish va yoshlar salohiyatini ochishga xizmat qiladi.

Tashrif yakunida hokim maktab xodimlari va o‘quvchilarning faoliyatini yuqori baholadi va ularni kelajakda ham bilim, sport va ijtimoiy faoliyatda yuqori natijalarga erishishga undadi.

Powered by GSpeech