YOSHLAR FESTIVALI O‘TKAZILDI

29.06.2025 / 116

  Yunusobod tumanidagi Sobirobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 259-maktabda yoshlar uchun navbatdagi yozgi festival tashkil etildi. Mazkur tadbir “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida o‘tkazilib, yoshlarning yozgi ta’til davrini mazmunli, foydali va samarali o‘tkazishga qaratildi.

  Festival tashkilotchilari sifatida Yunusobod tuman hokimligi, tuman xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim bo‘limi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, mahalla muassasalari, Madaniyat bo‘limi hamda 2-sonli bolalar va o‘smirlar sport maktabi faol hamkorlikda ishtirok etdilar. Ular tomonidan yoshlar uchun madaniy, ma’rifiy, sport va intellektual yo‘nalishlarda rang-barang dasturlar tayyorlandi.

 T adbirda maktab o‘quvchilari, mahalladagi yoshlar, sportchilar, ijodkor bolalar va faol yoshlar ishtirok etdilar. Ular sport musobaqalari (yugurish, tennis, futbol), intellektual o‘yinlar (zakovat, viktorina), raqs va qo‘shiq ijrolari, sahna ko‘rinishlari orqali o‘z iqtidorlarini namoyon etdilar. Shuningdek, bolalar tomonidan tayyorlangan qo‘l mehnati namoyishlari ham ishtirokchilar va mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

 Tadbir davomida mahalla faollari, tajribali pedagoglar, psixologlar va soha mutaxassislari ishtirokida yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Unda yoshlarning qiziqishlari, muammolari va kelajakka oid maqsadlari muhokama qilindi.

  Yozgi ta’til davrida shunday festival va tadbirlar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni ijobiy faoliyatga yo‘naltirish, iqtidorlarini kashf etish va rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kabi tashabbuslar yosh avlodni vatanparvar, ma’rifatli va jamiyatga foydali shaxslar qilib tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi.

  Tadbir yakunida faol ishtirok etgan yoshlar esdalik sovg‘alari, kitoblar va tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar. Madaniy hordiq tarzida raqs va kuy-qo‘shiqlarga boy konsert dasturi ham taqdim etildi.

Powered by GSpeech