"Yosh oilalar maktabi"da tinglovchilarga sertifikatlar tantanali tarzda topshirildi

15.05.2025 / 151

Yunusobod tumani FXDYO bo‘limida tashkil etilgan "Yosh oilalar maktabi"da tinglovchilarga sertifikatlar tantanali tarzda topshirildi.

 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 28 dekabrdagi "Oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 820-sonli Qarori ijrosini ta'minlash maqsadida, Yunusobod tumanida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

 Jumladan, tuman FXDYO bo‘limida nikohlanayotgan yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashga qaratilgan "Yosh oilalar maktabi" faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu markazning asosiy maqsadi – yoshlar ongida milliy va umuminsoniy qadriyatlarga tayanilgan oilaviy madaniyatni shakllantirish, kelajakda mustahkam va sog‘lom oila qurishlarida yordam berishdan iboratdir.

Mashg‘ulotlar davomida tinglovchilarga psixologik maslahatlar, tibbiy bilimlar, huquqiy tushunchalar hamda oiladagi munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, mojarolarni oldini olish, farzand tarbiyasida mas'uliyatni his qilish kabi mavzularda malakali mutaxassislar tomonidan darslar tashkil etildi. Tadbirlarda tumanimizning ibratli va namunaviy oilalari ham ishtirok etib, o‘z hayot tajribalari, oilaviy munosabatlarda to‘plagan bilim va ko‘nikmalari bilan o‘rtoqlashdilar.

 Ta'kidlash joizki, bu kabi tashabbuslar yoshlarning oilaviy hayotga tayyorgarligini kuchaytirish, mas'uliyatni anglash va mustaqil hayotga ongli tarzda qadam qo‘yishlariga xizmat qiladi. Tadbir so‘ngida kursni muvaffaqiyatli yakunlagan yoshlarga tantanali ravishda sertifikatlar topshirildi. Ularga kelgusida oilaviy hayotda muvaffaqiyat va baxt tilab qolindi.

 Bunday ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar doimiy ravishda tashkil etilib, har bir yoshning sog‘lom va barkamol oila qurish yo‘lida ishonchli poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Powered by GSpeech