“Yosh avlod – mustaqil kelajagimiz bunyodkori!”

01.07.2025 / 32

   Bugun Yunusobod tumani hokimligi hamda Mudofaa vazirligiga qarashli Qo‘mondonlikning Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismi bilan hamkorlikda “Yosh avlod – mustaqil kelajagimiz bunyodkori!” shiori ostida vatanparvarlik tadbiri bo‘lib o‘tdi.
   Tadbir doirasida “Hokim va yoshlar”, “Qo‘mondon va yoshlar” hamda “Uch avlod” uchrashuvlari tashkil etildi.
Tadbir avvalida tashrif buyurgan 200 ga yaqin mehmonlarga harbiy xizmatchilar tomonidan ko‘rgazmali qo‘l janggi va faxriy qorovul chiqishlari namoyish etildi. Shundan so‘ng mehmonlar harbiy qismda yaratilgan harbiy tarix muzeyi, “Yangi O‘zbekiston muzeyi”, “Adiblar bog‘i” va sport majmualari bilan yaqindan tanishdilar. Jangovar qurol-aslahalar va harbiy texnikalar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otgan bo‘lsa, faxriylarda esa xotiralarni qayta yodga olishga sabab bo‘ldi.
  Tadbirlarda Yunusobod tumani hokimi B. Abduvaliyev, Qo‘mondonlikning Toshkent shahrida joylashgan harbiy qism polkovnigi R. Maqsudov, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda tuman hokimi B. Abduvaliyev so‘zga chiqib, mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida inson manfaati, uning haq-huquqlari va qadr-qimmati turganligiga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, u jamiyatning har bir a’zosi o‘z hayotida bu islohotlarning ijobiy ta’sirini his qilayotganini ta’kidladi.
Tadbir davomida yoshlar o‘rtasida futbol, armrestling, savatga to‘p tushirish va turnikda tortinish kabi sport turlari bo‘yicha musobaqalar ham tashkil etildi.
  Tadbirning ikkinchi qismi harbiy qism madaniyat markazida davom etdi. Unda yoshlar, harbiy xizmatchilar, Yunusobod tumani hokimligi va nuroniylar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda barcha sohalarda islohotlar jadal sur’atlarda davom etayotgani, bu yangilanish va o‘zgarishlar avvalo fuqarolarning manfaatlari va ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashlari uchun xizmat qilayotganini ta’kidladilar. Bunday o‘zgarishlarga shukrona keltirib yashash va imkoniyatlardan oqilona foydalanishda “Uch avlod uchrashuvi”lari katta ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
  Ochiq muloqot va samimiy ruhda o‘tgan tadbirda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javoblar olishdi.
  Uchrashuv so‘ngida Mudofaa vazirligiga qarashli Qo‘mondonlik rahbariyati va tuman hokimi tomonidan fan, madaniyat, san’at va sport yo‘nalishlarida yuqori natijalarga erishgan, shuningdek, tadbir doirasida o‘tkazilgan sport musobaqalarida g‘olib bo‘lgan bir guruh yoshlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
  Tadbirlar yakunida harbiy qismga tashrif buyurgan yoshlar va mehmonlar uchun harbiycha bayram dasturxoni yozilib, madaniy hordiq tadbirlari o‘tkazildi.

Powered by GSpeech