YIGʻILISHDA KUZ-QISH MAVSUMIGA TAYYORGARLIK MASALASI KO‘RIB CHIQILDI
Yunusobod tumani hokimi B.Abduvaliyev, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.Unda sektor rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, korxona va tashkilot mas’ullari, BSK rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda tumanda 2024-2025 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, energiya tejamkorligini ta’minlash, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, kommunal sohalarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyalarni bartaraf etish ishlar ko‘rib chiqildi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan tuman hokimligi kommunal tizimidagi korxona va tashkilotlar mas’ullari tomonidan batafsil ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, tumanda 28 ta markaziy ko‘chalarda qor va muzlamalarni eritish hamda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 350 tn tuz hamda 350 tn qum zahirasi shakllantirilgan,10 ta maxsus qor kurash texnikasi texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, shay holatga keltirilgan. Bundan tashqari 1337 ta ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklaridagi maxsus joylarga qum va tuz vositalari shay holatga keltirilgan. Uylarda issiqlik ta’minotida yo‘qotishlarning oldini olish uchun eshiklarga purjinalar ham o‘rnatilmoqda.
Tuman hokimi B. Abduvaliyev, kuz va qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish juda ko‘plab mutaxassislar tomonidan birgalikda amalga oshiriladigan murakkab va muhim jarayonligiga to‘xtalib, qish mavsumini betalofat o‘tkazish buyicha har bir tashkilotga vazifalarni taqsimlab berdi.
Alohida ta’kidlandiki, o‘tgan yilgi anomal sovuqda yuzaga kelgan avariyalardan kelib chiqib, ob’yektlarning bu yil kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida qisqa muddatda rejali ta’mirlash ishlarini yakunlash va mavsumga tayyorgarlikni ta’minlash bo‘yicha amaliy harakatlarni yakuniga yetkazish zarur.
Muloqotlarda elektr energiya, tabiiy gaz, issiqlik ta’minoti, ularga xizmat ko‘rsatuvchi bo‘lim va xizmatlar tomonidan mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish, avariyalar sodir bo‘lganda tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish ishlarini tashkil etish zarurligi aytib o‘tildi.
Yig‘ilish yakunida xizmat ko‘rsatish tarmoqlari, tadbirkorlik va ijtimoiy ob’yektlarda kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rishda hamkorlikda ishlarni tashkil qilish yuzasidan tavsiyalar berilib, bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilab olindi. Har bir berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash sektor rahbarlari zimmasiga yuklatildi.
O'zbekcha
Русский
English