YIGʻILISHDA IJTIMOIY-IQTISODIY MASALALAR MUHOKAMA QILINDI

11.03.2025 / 242

Yunusobod tumani hokimi B.Abduvaliyev boshchiligida moliyaviy masalalar, soliq tushumlari va aholi bandligini ta’minlash yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda tuman prokurori, tuman IIO FMB boshlig‘i, hokim o‘rinbosarlari hamda korxona va tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Prezidentimizning F-18-sonli farmoyishida belgilangan vazifalar – tomorqalardan samarali foydalanish orqali aholi daromadlarini oshirish, kambag‘al oilalar bilan manzilli ishlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Hokim B.Abduvaliyev Yunusobod tumanida 11 martdan boshlab “Dolzarb bir oylik” safarbarligi e’lon qilinganini ta’kidlab, korxona va tashkilot rahbarlariga amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan topshiriqlar berdi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish doirasida kasanachilik, hunarmandchilik, qandolatchilik va issiqxona faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha taklif qilingan loyihalar o‘rganib chiqilishi va moliyalashtirilishi belgilandi. Shuningdek, barqaror ish o‘rinlari yaratish yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.

Yunusobod tumanida Kambag‘allik reyestriga kiritilgan oilalar bilan ishlash bo‘yicha individual rejalar tasdiqlangan bo‘lib, 400 nafar oila shahar va tuman mas’ullariga biriktirilgan. Mas’ullar har 15 kunda kamida bir marotaba joyiga chiqqan holda oilalar holidan xabar olishi shartligi ta’kidlandi.

Shuningdek, har bir mahallada va ijtimoiy ob’yektlarda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini kunlik tashkil qilish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda soliq tushumlarini ta’minlash, belgilangan reja ijrosini ta’minlashga e’tibor qaratish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, tuman hududida kelishuvda turgan yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarish hamda qonunchilikka muvofiq tartibda ishlarni tashkil etish yuzasidan mas’ullarga vazifalar topshirildi.

Yig‘ilish yakunida “Dolzarb bir oylik” doirasida amalga oshiriladigan ishlar taqsimlanib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

Powered by GSpeech