Yashil makon loyihasi: Yunusobodda jurnalistlar bog‘i barpo qilindi

03.04.2025 / 121

Yunusobod tumani "Ahilobod" mahallasida bahor nafasi ufurib, tabiat yashil libosga burkanish arafasida. Bu yerda o‘ziga xos ezgu an’ana – "Yashil makon" loyihasi doirasida yana bir xayrli tadbirga qo‘l urildi.

Yunusobod tumani hokimi B.Abduvaliyev, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja hamda fidoyi talabalar birlashib, mahalla bag‘riga yangidan-yangi ko‘chatlar ekdi. Bu ko‘chatlar kelajakda ulkan daraxtlarga aylanib, insonlarga soya, havoga tarovat va atrofga go‘zallik ulashadi.

Yangi nihollar – bu faqatgina tabiat husniga husn qo‘shish emas, balki yosh avlodga tabiatni asrash, mehr bilan parvarishlash kabi oliyjanob tuyg‘ularni uyg‘otishga qaratilgan amaliy ibrat hamdir. Har bir o‘tkazilgan belbog‘da nur, mehr va yashil kelajakka ishonch aks etgan.

Yangi nihollar ulg‘ayib, shijoatli yoshlarimiz kabi barkamol bog‘larga aylansin!

Powered by GSpeech