XAY TOUN SITI MAJMUASINING BIRINCHI BOSQICHI OCHILISH MAROSIMI O‘TKAZILDI
Bugun Yunusobod tumanida Xay Toun Siti savdo-ko‘ngilochar markazining ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Yunusobod tumani hokimi B.Abduvaliyev, Xay Toun Siti rahbari Mister Tian ishtirok etdi.
Uning ochilish marosimida Yunusobod tumani hokimi B.Abduvaliyev so‘zga chiqib, ushbu majmua tumanning rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shish, aholini turar joy bilan ta’minlash, shahar qiyofasini yanada ko‘rkamlashtirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholining turmush sharoitini yaxshilash va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotganligini e’tirof etdi.
Marosimda Xay Toun Siti rahbari Mister Tian ham so‘z olib, majmuaning birinchi bosqichi foydalanishga topshirilganligi haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi. Qayd etilganidek, savdo-ko‘ngilochar markazi 65 ming kvadrat metrni tashkil etadi va barpo etish uchun 100 mln AQSH dollari qiymatida sarmoya kiritildi. Loyiha to‘liq yakunida 2000 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.
Hozirgi kunda savdo-ko‘ngilochar markazida 216 ta do‘kondan 173 tasi ijaraga berilib, ular o‘z faoliyatini boshlamoqda va yillik byudjetga tushum 150 mlrd so‘mdan oshishi prognoz qilinmoqda.
Undan tashqari, Xitoy Xalq Respublikasining investorlari tomonidan 12,44 gektar maydonda 550 ming kvadrat metr bo‘lgan mehmonxona, biznes markazi hamda 52 ta turar-joy binolari barpo etilishi kutilmoqda. Mazkur loyihalarga umumiy hisobda 430 mln dollar xorijiy investisiyalar jalb qilinadi.
Hokim B. Abduvaliyev, tantanali ochilish marosim so‘ngida barchani, Yangi yil ayyomi bilan muborakbod etib, foydalanishga topshirilgan ushbu majmua yurtimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qilishiga tilak bildirdi.
O'zbekcha
Русский
English