Xalq deputatlari Yunusobod tumani Kengashining III chaqiriq 14-sessiyasi o‘tkazildi
Yunusobod tumanida Xalq deputatlari Kengashining III chaqiriq 14-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada tumanning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va madaniy hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar ko‘rib chiqildi.
Sessiya kun tartibida o‘ndan ortiq masalalar muhokama qilindi. Dastlab, xavfsiz muhit va huquqbuzarliklarni oldini olish masalasi ko‘rib chiqildi. Yunusobod tuman prokurori, adliya katta maslahatchisi Yahyo Abdurahmonov tomonidan 2025 yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni ta’minlash va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan deputatlarga axborot taqdim etildi.
Navbatdagi masala bo‘yicha tuman IIO FMB boshlig‘i Mahkam Vafoyev, Prezident qarori asosida tizim samaradorligini oshirish bo‘yicha yil yakuni yuzasidan hisobot berdi.
Kun tartibidagi mahalliy byudjet va moliyaviy rejalar atroflicha muhokama qilindi. Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Avazbek To‘laganov 2026 yil uchun tumanning mahalliy byudjeti, kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi hamda 2025 yilda shakllangan qo‘shimcha manbalarni xarajatlarga yo‘naltirish to‘g‘risidagi hisobotlarni taqdim etdi. Deputatlar ushbu masala bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarini berib, takliflarini o‘rtaga tashladi.
Sessiya ishida “Ayollar daftari” dasturi ijrosi ham ko‘rib chiqildi. Tuman hokimining o‘rinbosari La’li Aliyeva aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlashdagi “Ayollar daftari”ning 6-bosqichida amalga oshirilgan ishlar va ko‘rsatilgan yordam haqida axborot berdi.
Har bir masala juda muhim. Maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi, elektr va gaz ta’minot, obodonlashtirish, suv xo‘jaligi va energetika tarmoqlari rahbarlari tomonidan yil yakuni bo‘yicha hisobotlar taqdim etildi. Barcha sohalardagi faoliyat tuman aholisi hayoti sifatiga xizmat qiluvchi chora-tadbirlar bilan bog‘liqligi ta’kidlandi.
????Sessiya davomida barcha masalalar atroflicha muhokama qilindi va deputatlar tomonidan bir ovozdan tasdiqlangach, Kengashning tegishli qarori qabul qilindi.
O'zbekcha
Русский
English