Uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

21.05.2025 / 179

Bugun Fanlar akademiyasi “Temuriylar tarixi Davlat muzeyi” binosida Toshkent shahar “Nuroniy” jamg‘armasi, jamg‘armaning Yunusobod tumani bo‘limi,tuman ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamda “Temuriylar tarixi Davlat muzeyi” hamkorligida “Ajdodlar merosiga munosib avlod” g‘oyasi ostida “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Yunusobod tumani yoshlar yetakchilari, keksalar maslahat guruhi raislari, faol nuroniylar, “Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul” loyihasi doirasidagi uyushmagan yoshlar, san’atkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir Milliy gvardiyaning 65921-harbiy qismi orkestri hamda Yunusobod tumanidagi 58-umumta’lim maktabi o‘quvchilarining bayramona kutib olinishi bilan boshlandi. Mehmonlar Temuriylar tarixi muzeyining kichik faollar zalida tantanali tarzda qarshi olindi. Tadbirni ochish uchun so‘z Toshkent shahar “Nuroniy” jamg‘armasi raisi, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisi, senator Rustam Kalanovga berildi. U ushbu uchrashuvning ahamiyati haqida so‘z yuritar ekan,  yoshlar va nuroniylar o‘rtasidagi muloqotning bardavom bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, Fanlar akademiyasi “Temuriylar tarixi Davlat muzeyi” katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Komiljon Sultonov “Ajdodlar merosi — ibrat manbai” mavzusida ma’ruza qildi. Uning ortidan muzeyning yana bir ilmiy xodimi Saidbaxrom Azizov “Temuriylar Renessansi davrida astronomik bilimlar rivoji” haqida fikrlarini bayon etdi.

Tadbirning madaniy qismida “Nuroniylar kuylaganda” ansambli ijrosida qo‘shiqlar yangradi. Ansamblga Nizomiy davlat pedagogika universiteti professori, san’atkor Davron Qodirov boshchilik qildi. Shuningdek, akademik Saidasror Gʻulomov va shoira Oyshaxon Nishonaliyeva o‘zlarining hayot yo‘llari, ilmiy va ijodiy yutuqlari haqida so‘z yuritib, yoshlarga ibratli maslahatlarini berdilar.

Tadbirda an’anaviy xonandalik yo‘nalishida Xalqaro tanlovlar g‘olibasi, Xalqaro universitet talabasi Shaxzoda Mirzaaxmedova ham ishtirok etib, go‘zal maqom qo‘shiqlari bilan yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Yunusobod tumani Yoshlar ishlari agentligi boshlig‘i Murod Ikromov hamda san’atkor Davron Qodirov so‘zga chiqib, yoshlarni faol bo‘lishga, ta’lim va mehnatga intilishga chorladi.

Tadbir nihoyasida senator Rustam Kalanov qayta so‘zga chiqib, ma’ruzachilarga minnatdorchilik bildirdi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbirning ikkinchi qismida ishtirokchilar Temuriylar tarixi Davlat muzeyi eksponatlari bilan tanishdilar. Ekskursiya davomida ular Temuriylar davri madaniyati, ilm-fan va san’at yutuqlari haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Powered by GSpeech