"Uch avlod uchrashuvi" – Ajdodlar merosiga munosib avlod
Yunusobod tumanidagi "Buyuk Turon" MFY hududida joylashgan Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti faollar zalida ma’naviy-ma’rifiy hamda madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi. "Uch avlod uchrashuvi" tamoyili asosida tashkil etilgan ushbu tadbir "Ajdodlar merosiga munosib avlod" g‘oyasi ostida o‘tkazilib, yoshlar va nuroniylarning ma’naviy muloqoti uchun samimiy muhit yaratdi.
Tadbir O‘zLiDeP Yunusobod tuman Kengashi, Xalq deputatlari Yunusobod tumani Kengashi, tuman "Nuroniy" Kengashi, Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti hamda Tuman madaniyat bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda tuman "Nuroniylar jamoatchilik kengashi" a’zosi, "Do‘stlik" ordeni va "Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi" ko‘krak nishoni sohibi A’loxon Giyosov, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, "Shuhrat" medali sohibi, shoira Oyshaxon aya Nishonaliyeva, shuningdek, Afg‘oniston urushi ishtirokchilari – mayor Abror Sagatov, katta leytenantlar Akbarjon Zunnunov, Gʻayrat Xolmuxamedov va Jumanazar Rajabov tadbir mehmonlari sifatida qtnashdilar.
Tadbirda so‘z olgan nuroniylar va faxriy mehmonlar yoshlarga o‘z hayotiy tajribalaridan kelib chiqib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida olib borilayotgan islohotlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Shuningdek, ular ajdodlar merosini asrab-avaylash, ilm yo‘lida izlanish, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish, milliy qadriyatlarimizni ardoqlash kabi masalalar yuzasidan yoshlarga o‘z tavsiyalarini berdilar.
Tuman madaniyat bo‘limi san’atkorlari tadbir davomida ajdodlar merosidan bahramand etuvchi jonli ijroda kuy va qo‘shiqlar taqdim etishdi. Bu hikmatli so‘zlar va ruhiy ozuqalar yoshlarga kuch-g‘ayrat bag‘ishladi.
"Uch avlod uchrashuvi" haqiqiy ma’noda ko‘tarinki ruhda o‘tdi, yoshlar va nuroniylar o‘rtasidagi ma’naviy rishtalar yanada mustahkamlandi.
O'zbekcha
Русский
English