Soğlomlashtirish oyliği o‘tkazilmoqda
Yunusobod tumani 49-oilaviy poliklinika hududida Soğlomlashtirish oyligi doirasida keng qamrovli tibbiy tadbirlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlar mahalliy aholi, jumladan, kambag‘al oilalar reestriga kiritilgan fuqarolar hamda "Ayollar daftari"da ro‘yxatda turgan ayollarni bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga qaratilgan bo‘lib, aholining salomatligini saqlash va kasalliklarni erta aniqlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Tibbiy ko‘rik jarayonida aholini terapevt, EKG tekshiruvi, shuningdek, kardiolog, nevropatolog, endokrinolog kabi tor soha mutaxassislari qabul qilib, yurak-qon tomir kasalliklari, asab tizimi, ichki sekretsiya bezlari faoliyati kabi muhim yo‘nalishlarda sog‘liq holatini chuqur o‘rganishdi. Aniqlangan holatlarga ko‘ra, fuqarolarga zarur davo choralarini ko‘rish va ixtisoslashtirilgan muassasalarga yo‘llanma olish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, fuqarolar uchun qon bosimi, qon shakar miqdori, tana massasi indeksini aniqlash kabi birlamchi skrining tekshiruvlari ham amalga oshirildi. Ushbu profilaktik tadbirlar orqali kasал bo‘lish xavfi yuqori bo‘lgan fuqarolar erta aniqlanib, sog‘lig‘ini tiklash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Ko‘rikdan tashqari, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan ma’rifiy suhbatlar o‘tkazildi. Unda to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik, zararli odatlardan voz kechish, uyqu gigiyenasi, shuningdek, ruhiy salomatlikni asrash bo‘yicha foydali ma’lumotlar taqdim etildi. Tibbiyot xodimlari aholiga kundalik hayotda sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berishdi.
Mazkur tadbir sog‘liqni saqlash tizimi bilan fuqarolar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga e’tibor qaratish, aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni oshirishga xizmat qilmoqda. Kelgusida bu kabi sog‘lomlashtirish tadbirlari boshqa poliklinikalarda ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.
O'zbekcha
Русский
English