Shodimetovlar oilasi ibrat manbai

22.05.2025 / 131

  Yunusobod tumanidagi "Islomobod" mahallasida istiqomat qiluvchi, “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan Shodimetovlar xonadonida mehmonda bo‘ldik. Bu oila bilan uchrashuv biz uchun nafaqat samimiy muloqot, balki ma’naviy boylik manbaiga aylandi.

  Oilaning kamtar, do‘stona va mehmonnavoz muhiti qalbimizga iliq taassurot bag‘ishladi. Xonadonning go‘zal, fayzli hovlisi, tabiat bag‘ridagi go‘yo bir maskan kabi insonni oromga chorlar ekan. Oilaning kitoblarga bo‘lgan cheksiz mehri bilim va ma’rifatga bo‘lgan e’tiborning yorqin namunasidir.

  Ayniqsa, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan shajara burchagi va shaxsiy mehnat bilan tayyorlangan, san’at asariga monand taxtadan yasalgan shaxmat o‘yingohi bizda katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu bezakli burchaklar nafaqat ziynat, balki oilaning qadriyatlariga bo‘lgan ehtiromini ham namoyon etadi.

  Darhaqiqat, Shodimetovlar oilasidan olgan taassurotlarimiz va ko‘rgan ibratli jihatlarimiz bizni yangi ilhom va g‘oyalar bilan boyitdi. Bu xonadonga tashrif — ma’naviy tajriba va oilaviy muhitdagi samimiyatning bebaho namunasi bo‘ldi.

  Oila ahlining boy tajribasi, mehr va saxovatini boshqalarga ham o‘rnak qilib ko‘rsatish maqsadida O‘zMTRK TTV ijodiy jamoasi tomonidan tasvirga olindi. Tez kunlarda oynai jahon orqali efirga uzatiladi.

Powered by GSpeech