SAYYOR QABUL: FUQAROLAR MUROJAATLARI DOIMO E’TIBORDA

11.10.2025 / 48

Yunusobod tumani hokimligi tomonidan aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, fuqarolarning dolzarb muammolarini o‘z vaqtida aniqlash hamda ularga manzilli yechim topish maqsadida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi. Ushbu tadbirda tuman Xalq qabulxonasi mas’ullari, soha va tarmoq tashkilotlari, davlat idoralari rahbarlari hamda mutaxassislar ishtirok etdi.

Sayyor qabul jarayonida fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan masalalar yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Jumladan, ishga joylashish va kasbga yo‘naltirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, moddiy va ijtimoiy yordam olish, aholi yashash sharoitini yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish, ichimlik suvi, elektr energiyasi, gaz va chiqindilarni olib chiqish kabi kommunal xizmatlarni takomillashtirish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini boshlash va rivojlantirish uchun kredit va moliyaviy ko‘mak masalalari bo‘yicha ko‘plab taklif va shikoyatlar bildirildi.

Barcha murojaatlar mas’ullar ishtirokida batafsil ko‘rib chiqilib, ularning qonuniyligi va asosliligi o‘rganildi. Murojaatlarning salmoqli qismi ijobiy hal etilishi mumkin deb topilib, belgilangan muddatlarda amalga oshirish uchun nazoratga olindi. Ayrim masalalar bo‘yicha esa joyidayoq aniq yechimlar belgilanib, fuqarolarga tegishli tushuntirishlar va huquqiy maslahatlar berildi.

Shuningdek, murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ijro etish maqsadida mas’ul tashkilot va idoralar kesimida aniq vazifalar belgilab berildi, ijro intizomini ta’minlash bo‘yicha alohida ko‘rsatmalar taqdim etildi. Har bir murojaat ijrosi tuman hokimligi va Xalq qabulxonasi tomonidan doimiy monitoring qilib borilishi ta’kidlandi.

Qabul yakunida ta’kidlanganidek, bunday sayyor qabullar aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchini oshirish, muammolarni joyida hal etish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yunusobod tumani hokimligi tomonidan kelgusida ham aholi bilan bevosita muloqotni kuchaytirishga qaratilgan bunday tadbirlar muntazam ravishda tashkil etib boriladi.

Powered by GSpeech