Sayyor qabul — aholi muammolariga yechim yo‘lida
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbiri doirasida Yunusobod tumani Ichki ishlar organlari Faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi (IIO FMB) boshlig‘i, polkovnik M.M. Vafoyev tomonidan navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi.
Mazkur sayyor qabul aholi bilan ochiq va bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish, fuqarolarni tashvishga solayotgan masalalarni o‘z vaqtida aniqlash hamda ularni joyida hal etish maqsadida tashkil etildi. Qabul jarayonida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, sayyor qabulda Probatsiya xizmati hisobida turgan shaxslarning ham murojaatlari tinglanib, ular tomonidan ko‘tarilgan ijtimoiy, huquqiy va maishiy muammolar atroflicha ko‘rib chiqildi. Mutasaddilar ishtirokida har bir murojaat yuzasidan huquqiy baho berilib, amaliy choralar belgilab olindi.
Qabul davomida turli yo‘nalishlarda jami 11 ta murojaat qabul qilindi. Ularning 4 tasi joyida ijobiy hal etildi, 3 tasi bo‘yicha fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berildi, qolgan 4 ta murojaat esa tegishliligiga ko‘ra mas’ul tashkilotlarga ko‘rib chiqish va ijro etish uchun yuborildi.
Bunday sayyor qabullar aholi bilan davlat organlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash, fuqarolar murojaatlariga o‘z vaqtida va samarali yechim topishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yunusobod tumanida bu kabi ochiq muloqotlar kelgusida ham izchil davom ettirilishi rejalashtirilgan.
O'zbekcha
Русский
English