Sayor qabulda fuqarolarning ijtimoiy-maishiy masalalari ijobiy hal qilindi
Yunusobod tumanidagi Shoshtepa mahallasida fuqarolar muammolarini o‘rganish va ularni ijobiy hal etish maqsadida sayyor qabul tashkil etildi. Unda Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari B. Haydarov, Respublika ishchi guruhi vakillari, Yunusobod tumani hokimining birinchi o‘rinbosari A. To‘laganov hamda tuman Xalq qabulxonasi mudiri O‘. Abdurasulov ishtirok etdi.
Qabul davomida fuqarolarning ijtimoiy-maishiy masalalar bo‘yicha talab va takliflari, ariza va shikoyatlari o‘rganildi. Jumladan, aholi tomonidan bandlik, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, uy-joy masalalari, moddiy yordam olish, ta’lim kontraktini to‘lashga ko‘maklashish, bank krediti va subsidiyalar ajratish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, ishga tiklash, sud qarorlari ijrosini ta’minlash, tibbiy xizmatlar kabi masalalarda murojaatlar qilindi. Ko‘plab masalalar qabul jarayonidayoq ijobiy hal etildi.
Muloqot davomida fuqarolarga huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi. Hal etilishi uchun ma’lum muddat talab etiluvchi murojaatlar bo‘yicha mutasaddi idoralarga tegishli topshiriqlar berildi va ularning ijrosi qat’iy nazoratga olindi. Shuningdek, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga doir masalalar sohaning vakolatli mutaxassislariga yo‘naltirildi.
Qabul davomida bildirilgan barcha murojaatlarni belgilangan qonunchilik doirasida belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqish va ijobiy hal etish yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi.
O'zbekcha
Русский
English