Saf yig‘ilish o‘tkazildi
Bugun ertalab Yunusobod tumani hokimi B. Abduvaliyev rahbarligida mahallalarda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish hamda “Obod mahalla” dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida saf yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda tumanda faoliyat yuritayotgan barcha korxona va tashkilot rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, barcha BSKlar, mahalla faollari hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Kun davomida amalga oshiriladigan obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish maqsadida 40 dan ortiq maxsus texnika vositalari to‘liq shay holatga keltirildi.
Tuman hokimi tomonidan mahallalarda ichki yo‘llarni joriy ta’mirlash, hududlarni obodonlashtirish, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish, ko‘kalamzorlashtirish va sanitariya-gigiyena ishlarini yuksak saviyada amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Shu bilan birga, aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash, ta’mirlash ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish yuzasidan kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Har bir korxona va tashkilotga aniq hududlar biriktirilib, ulardagi yashil hududlarning parvarishi, daraxt va gul ko‘chatlari ekish, hududni chiqindilardan tozalash hamda aholi uchun munosib va qulay muhit yaratish ishlari bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida hokim B.Abduvaliyev tomonidan berilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash uchun mas’ullar belgilandi va amalga oshiriladigan ishlar nazoratga olindi.
O'zbekcha
Русский
English