Rasmiy munosabat: Yunusobod tumani hokimligi quyidagilarni ma’lum qiladi

16.10.2025 / 59

2025 yil 15 oktyabr kuni Gazeta.uz saytida chop etilgan tanqidiy мақола (https://t.me/gazetauz/57168) yuzasidan Yunusobod tumani hokimligi quyidagilarni ma’lum qiladi:

Mazkur tanqidiy maqolada sayt ijodkorlari hokimlik mas’ullarining rasmiy izohini olmagan hamda faqat ayrim fuqarolarning shaxsiy fikr va taxminlariga asoslangan holda ma’lumot bergan.

Birinchidan, Yunusobod tumani 8-mavzesida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 9 avgustdagi “Toshkent shahar Yunusobod tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda Toshkent shahar hokimining 2024 yil 23 avgustdagi qarori asosida amalga oshirilmoqda.

Avvallari qarovsiz, infratuzilma izdan chiqqan hududdagi umumiy uzunligi 4,2 km bo‘lgan Yuqori Qoraqamish va Rixsiliy ko‘chalari tunu-kun faoliyat ko‘rsatuvchi (24/7) savdo, ko‘ngilochar, gastronomik hamda turizm ko‘chasiga aylantirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Mazkur hudud poytaxtdagi turizm va gastronomiya yo‘nalishidagi sayyohlik ko‘chasiga aylantirish loyihasi doirasida qayta qurilmoqda. Hozirgi kunda turizm ko‘chasida 132 ta savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari faoliyat olib borib, ularda 647 ta ish o‘rni yaratilgan. Qo‘shimcha
180 ta ish o‘rinlari yaratish choralari ko‘rilmoqda. Turizm ko‘chasi barpo etilayotgan hududda 58 300 nafar (8 ta mahalla) fuqaro istiqomat qiladi.

Aholini aksariyat qismi hududdagi obodonlashtirish va yaratilayotgan qulayliklardan mamnunligini bildirmoqda. Ayniqsa, aholini sayr qilishi, madaniy hordiq chiqarishi maqsadida 6 ta favvora, 2 ta bolalar o‘yingohlari, 4 ta sport maydonchalari, xavfsizligini ta’minlash uchun 250 ta ko‘cha yoritish chiroqlari, 99 ta kuzatuv kameralari va 9 ta tashvish tugmalari o‘rnatilmoqda, xilvat va qarovsiz hududlar bartaraf etilmoqda.

Ikkinchidan, barcha bunyodkorlik ishlari amaldagi shaharsozlik va me’moriy me’yorlarga to‘liq muvofiq holda, tegishli mutaxassislar xulosalari va loyiha-smeta hujjatlari asosida olib borilmoqda.

Qurilish ishlari aholining talab va istaklari hamda hududning zamonaviy qiyofasini yaratish bo‘yicha kelib tushgan takliflar inobatga olingan holda amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.

Yunusobod tumani hokimligi ommaviy axborot vositalarini voqealarni yoritishda bir tomonlama ma’lumotlarga asoslanmasdan, xolislik va aniq manbalar orqali ish yuritishga chaqiradi.

Powered by GSpeech