Qaror va ijro: Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda

16.04.2025 / 99

Yunusobod tumani hokimligida Toshkent shahar prokuraturasi tashabbusi bilan Prezidentimizning “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorda belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi. Unda Yunusobod tumani hokimi o‘rinbosarlari, tuman prokuraturasi, tuman adliya bo‘limi, tuman savdo sanovat palatasi, tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi, shuningdek, Yunusobod, Mirobod va Shaxontohur tuman hokimliklarida faoliyat ko‘rsatayotgan oila va xotin-qizlar, mahalla hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va mahalla bankirlari ishtirok etdi.

Seminarda qarorda oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va daromadlarini oshirish, ehtiyojmand aholi qatlami bilan manzilli ishlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Unda qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Ishtirokchilarga oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning huquqiy va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, ularning ma’naviy, intellektual va iqtisodiy taraqqiyotiga yordam berish bo‘yicha yangi yondashuvlar va amaliy chora-tadbirlar haqida ma’lumotlar berildi.

Ma’ruzalarda e’tirof etilganidek, ushbu qarorda joriy yilda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilanib, 2 million nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, 250 ming nafar xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, 250 ming nafar xotin-qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish, 50 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni sanatoriylarda sog‘lomlashtirish hamda ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha motivasion seminarlar tashkil etish belgilangan.

Muhokamalarda qarorda belgilangan har bir yo‘nalishdagi vazifalarga e’tibor qaratilib, "HAMROH" tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida 2025 yil 1 maydan boshlab, xotin-qizlarga "yashil loyihalar" va IT sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga, shuningdek, kamida 5 nafar xotin-qizning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashgan 1 ming nafar “ustoz” tadbirkorlarga 50 million so‘mgacha grant ajratish yo‘lga qo‘yilishi aytib o‘tildi. Bundan tashqari ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan xotin-qizlarga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.
Seminar yakunida oila va xotin-qizlar bilan ishlayotgan har bir mas’ulga oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha alohida vazifalar berildi.

Powered by GSpeech