Yunusobod tumanidagi “Qadrdon” mahalla fuqarolar yig‘inida navbatdagi mahalla raisi saylovi bo‘lib o‘tdi. Saylov jarayoni ochiqlik, oshkoralik va adolat prinsiplari asosida tashkil etilib, unda mahalla aholisi yuqori fuqarolik mas’uliyati va faollik bilan ishtirok etdi.
Saylovda uch nafar nomzod qatnashib, har biri o‘z saylovoldi dasturlari orqali mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollari, mavjud muammolarni hal etish rejalari, yoshlar, ayollar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq taklif va tashabbuslarini taqdim etdi.
Yuksak tashabbuskorlik, halollik va ko‘p yillik rahbarlik tajribasiga ega bo‘lgan Komil Rahmonov Komil saylovchilar ishonchini qozonib, 66,2 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi va “Qadrdon” MFY raisi lavozimiga qayta saylandi. Bu natija — uning aholi orasida katta hurmat va e’tiborga ega ekanining yaqqol isbotidir.
Komil Rahmonov mazkur lavozimda faoliyat olib borar ekan, mahallada ijtimoiy totuvlikni ta’minlash, aholi farovonligini oshirish, infratuzilma va obodonlashtirish ishlarini rivojlantirish, yoshlarni ma’naviy-axloqiy barkamollikka yo‘naltirish, shuningdek, ehtiyojmand oilalarga ko‘mak berish yo‘nalishlarida bir qator tashabbus va loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, mahalla raisi 5 yillik muddatga saylanadi. Komil Rahmonov ushbu mas’uliyatli lavozimda yana besh yil davomida faoliyat olib boradi va mahalla fuqarolarining manfaatlarini samarali himoya qilish, ular bilan ochiq va samarali muloqot olib borishga intiladi.
Ushbu saylov natijalari mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish tizimining demokratik tamoyillarga asoslanganini, fuqarolarning o‘z vakillarini erkin tanlash imkoniyatiga ega ekanini va xalq manfaatlari siyosiy qarorlar markazida ekanini yana bir bor tasdiqladi.
O'zbekcha
Русский
English