O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI NISHONLANDI
Yunusobod tumani hokimligi tomonidan 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tumanimizdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan ustoz va murabbiylar uchun bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Yunusobod tumani hokimi Boxadir Abduvaliyev, sektor rahbarlari, tumandagi maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi vakillari, faxriy ustozlar, professor-o‘qituvchilar hamda murabbiylar ishtirok etdilar.
Tadbirda tuman hokimi Boxadir Abduvaliyev, ustoz va murabbiylarni bugungi kasb bayramlari bilan tabriklab, kelajak egalarimizga ta’lim-tarbiya berish yo‘lidagi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Shuningdek, joriy yilda tumanda ta’lim sohasida erishgan yutuqlarga ham to‘xtalib o‘tdi. Tumanda ta’lim sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan maktabning rahbarlari va o‘qituvchilariga chuqur minnatdorchilik bildirgan tuman rahbari, qo‘lga kiritilgan yutuqlarimiz o‘qituvchi va murabiylarimizning halol va fidokorona mehnatlari samarasi ekanini ta’kidlab o‘tdi.
So‘zga chiqqanlar, kasb fidoiylari, mehnatkash ustozlar Yangi O‘zbekiston yoshlariga nafaqat bilim berishi, balki ular qalbida eng go‘zal insoniy fazilatlarni, mehr-oqibat, insoniylikni singdirishini e’tirof etdi. Shundan so‘ng bir guruh ustoz va murabbiylar hamda faxriy o‘qituvchilarga faxriy yorliq va bayram sovg‘alarini topshirdi.
Bayram tadbiri mehmonlarning dil so‘zlari hamda iste’dodli san’at ustalarining kuy-qo‘shiq va qiziqarli sahna chiqishlari bilan ko‘tarinki ruhda davom etdi.
O'zbekcha
Русский
English