Oila — azaliy qadriyatlar beshigi!
Yunusobod tumani “Shoshtepa” MFYda Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan “Oila farovonligini ta’minlashda muammo va yechimlar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda mahallalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar faollari, “Oqila ayollar” harakati yetakchilari, Ichki ishlar organlari tizimidagi xotin-qizlar inspektorlari, tuman otinoyilari, shuningdek, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari faol ishtirok etdilar.
Davra suhbati doirasida bugungi kunda oilaviy muammolar, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o‘rni, ularning bandligini ta’minlash, ayollar o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirish, oilaviy ajrimlarning oldini olish, erta nikoh va erta tug‘ruq holatlarini kamaytirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar bilan individual ishlash kabi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan oilaning jamiyatdagi o‘rni, sog‘lom va baxtli avlodni tarbiyalashdagi ahamiyati, ota-onalik mas’uliyatini oshirish, ayollarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash orqali oila barqarorligini kuchaytirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi. Ayniqsa, yoshlar tarbiyasi va oila muhitidagi ruhiy sog‘lomlikni saqlash muhimligi alohida ta’kidlandi.
Tadbirda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi “Oila va gender ilmiy tadqiqot instituti” direktori o‘rinbosari A. Musurmanova hamda Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Sh. Sultanova mavzu yuzasidan ma’ruzalar bilan qatnashib, soha bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar, mavjud muammolar va ularning amaliy yechimlari yuzasidan ishtirokchilarni xabardor qildilar.
Suhbat jarayonida ishtirokchilar o‘z hududlaridagi holat yuzasidan fikr almashib, oilaviy nizolarning oldini olishda profilaktik chora-tadbirlar, mahalla va maktab hamkorligi, ruhshunos va huquqshunoslar ishtirokida muntazam uchrashuvlar o‘tkazish zarurligi haqida takliflar bildirdilar.
Tadbir yakunida qatnashchilarga metodik qo‘llanmalar, axborot materiallari hamda maslahatlar taqdim etilib, bu kabi uchrashuvlar boshqa mahallalarda ham davom ettirilishi belgilab olindi. Suhbat iliq va samimiy ruhda o‘tdi, ishtirokchilar tomonidan ko‘tarilgan dolzarb masalalar esa kelgusida amaliy choralar ko‘rishga asos bo‘ladi.
O'zbekcha
Русский
English