NOQONUNIY REKLAMA BANNERLARI BARTARAF QILINMOQDA.
Ertalab uydan ishga yoki o‘qishga, yumush bilan biror joyga chiqsangiz, yo‘l bo‘ylab, reklamalarga ko‘zingiz tushadi. Har qadamingizda turli xildagi taomlar reklamasi ishtahangizni qitiqlasi, dori vositalari rasmi tushirilgan bannerlar ta’bingizni hirra qiladi. Hatto, piyodalar harakatlanadigan hududlarda ham tashqi reklamalar shunchalik ko‘payganki, uni tartibga solish zarurati tug‘ilganligini anglaysiz.
Tadbirkor, faoliyatini targ‘ib qilish orqali o‘z mijoziga ega bo‘ladi. Albatta, bu juda ham muhim. Ammo, tashqi reklamalarni joylashtirishda qonun talablari asosida ish yuritilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Xususan, tashqi reklama ob’yektlarini o‘rnatish tartibi «Reklama to‘g‘risida»gi qonun, Vazirlar Mahkamasining 2020 yildagi «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida»gi 104-sonli qarori va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan.
Bugun Poytaxtimizda ushbu qonun xujjatlariga amal qilinayaptimi? Afsuski yo‘q, deb bemalol ayta olamiz. Ayniqsa, tashqi reklama savdosi xizmat ko‘rsatish ob’yektlari hamda aholi gavjum joylarda ko‘paygan. Shahar markazida transport vositalasida harakatlansangiz reklama inshootlarining tartibsiz joylashuvi shaharning me’moriy qiyofasini idrok etishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligini his qilasiz.
Ayni kunlarda Yunusobod tumani hokimligi, tuman IIB, tuman soliq inspeksiyasi, tuman majburiy ijro byurosi tomonidan markaziy va shox ko‘chalar, ijtimoiy ob’yektlar hududlarida joylashtirilgan noqonuniy tashqi reklamalar o‘rganilib, bartaraf qilinmoqda. Xususan, tumandagi Amir Temur, Bog‘ishamol, Toshkent xalqa avtomobil yo‘llaridagi mingdan ortiq reklama bannerlari olib tashlandi. Tadbir davomida o‘rnatilgan reklama konstruksiyalarining amaldagi me’yorlarga muvofiqligi mutasaddilar tomonidan tekshirilib, noqonuniy deb topilganlari bartaraf qilindi.
Tumandagi Bog‘ishamol, Iftixor ko‘cha bo‘ylari hamda mavzelardagi ko‘p qavatli uylar atrofida joylashtirilgan reklama banneri ham demontaj qilindi. Olib tashlash to‘g‘risidagi qaror aholi murojaatlari asosida o‘rganilib, vakolatli organlar tomonidan qabul qilindi. Tumandagi markaziy ko‘chalardagi elektr ustunlari, istirohat bog‘lari, ziyoratgohlar atrofi, daraxtlar, metro bekatlariga kirish joylarida tartibsiz, noqonuniy joylashtirishtirilgan reklama bannerlarini bartaraf qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Reyd mobaynida o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan temir konstruksiyali reklama bannerlari belgilangan tartibda o‘rganib chiqilib, qonuniy choralar ko‘rilmoqda.
O'zbekcha
Русский
English