Navbatdan tashqari sessiya o‘tkazildi
Xalq deputatlari Yunusobod tuman kengashining navbatdan tashqari III- chaqiriq 13-sessiyasi o‘tkazildi. Sessiyada Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov hamda Toshkent shahar hokimining o‘rinbosarlari, Xalq deputatlari Yunusobod tuman kengashi deputatlari hamda boshqa mutasaddi rahbarlar ishtirok etdi.
Kun tartibida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Yunusobod tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Abduvaliyev Boxadir Abdulxayevich boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Yunusobod tuman hokimi lavozimiga Mirzo Ulug‘bek tumani hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan Saidaliyev Abrorxo‘ja Rustamxo‘ja o‘g‘lining nomzodi tavsiya etildi.
Ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Saidaliyev Abrorxo‘ja Yunusobod tumani hokimi etib tasdiqlandi.
Abrorxo‘ja Saidaliyev 1994-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2018-yildan Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligida faoliyat yuritib kelgan. 2022-yilning iyun oyidan ushbu tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.
Sessiya davomida, shuningdek, tumanda iqtisodiyot, tadbirkorlik, sanoat, ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish borasidagi ishlar tahlil qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
O'zbekcha
Русский
English