Navbatdagi "Siyosiy ma’rifat soati" o‘tkazildi

11.04.2025 / 202

Yunusobod tumani hokimligida navbatdagi "Siyosiy ma’rifat soati" bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimligi mas’ul xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, yosh davlat xizmatchilari hamda keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etdi.

Ma’rifat soatining asosiy mavzusi — Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati va ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda "Inson qadri uchun" degan ezgu g‘oya asosida olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri — xalq bilan ochiq muloqot qilish, joylardagi muammolarni o‘rganish va ularni hal etishda tizimli yondashuvlarni joriy etishdan iborat. Shu bilan birga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, davlat boshqaruvi tizimini samarali va shaffof asosda tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tadbirda shuningdek, jahon miqyosida kechayotgan dolzarb xalqaro siyosiy jarayonlar, mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. Xususan, yaqinda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” sammiti natijalari, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan muhim tashabbuslar, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi yondashuvlar ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.

Ma’rifat soatida siyosiy savodxonlikni oshirish, faol fuqarolik pozisiyasini shakllantirish, davlat xizmatchilarining bilim va malakasini yanada mustahkamlash zarurati alohida ta’kidlandi. Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar asosida kelgusi siyosiy ma’rifat soatlarini yanada mazmunli va samarali tashkil etish yuzasidan takliflar bildirildi.

Powered by GSpeech