Navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi

19.06.2025 / 127

   Aholi bilan ochiq muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri eshitish va amaliy yechim topish maqsadida, Yunusobod tumani Xalq qabulxonasida tuman hokimi Boxadir Abduvaliyev navbatdagi sayyor xalq qabulini o‘tkazdi.

   Qabulda tuman hokimining o‘rinbosarlari, davlat tashkilotlari, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi idoralar, tuman elektr tarmoqlari, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalari, shuningdek, bank va moliya muassasalari vakillari faol ishtirok etdi. Ular har bir murojaatchi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga chiqib, masalalarni batafsil o‘rganishdi.
 Murojaatlar mazmuni turli sohalarni qamrab oldi. Jumladan ishga joylashish va rasmiy bandlik masalalari, uy-joy masalalari va ipoteka krediti olish, bolalar o‘yin maydonchalarini qurish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlari, subsidiya va ijtimoiy yordam ajratish, xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, kommunal xizmatlar bilan bog‘liq muammolar (elektr, suv, issiqlik ta’minoti), yer maydoni ajratish va hujjatlashtirish bilan bog‘liq muammolar. Ahamiyatlisi shundaki, ayrim murojaatlar joyning o‘zida hal etildi.

  Masalan ishsizlik muammosi bo‘yicha murojaat qilgan fuqarolarning bir nechtasi tuman bandlikka ko‘maklashish markazi va ish beruvchi korxonalar vakillari ishtirokida ishga joylashtirildi. Kommunal xizmatlardan norozi bo‘lgan fuqarolarning manzili bo‘yicha kommunal xizmat tashkilotlari mas’ullari tomonidan joyida ko‘zdan kechirish va ta’mirlash ishlari belgilandi. Nogironligi bo‘lgan shaxs uchun moslashtirilgan arava va moddiy yordam ajratish bo‘yicha shu kuniyoq tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qaror qabul qilindi. Bolalar o‘yin maydonchasi qurish bo‘yicha mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratish masalasi ishlab chiqilib, hokim topshirig‘iga asosan manzilli reja tuzildi.

   Qabul yakunida har bir murojaat to‘liq ro‘yxatga olindi va tegishli tashkilotlarga yuborildi. Mas’ul shaxslarga murojaatlarni hal etish bo‘yicha aniq muddatli topshiriqlar berildi. Ular ijrosi tuman hokimligi tomonidan qat’iy nazoratga olingan.
 Bunday sayyor qabullar fuqarolarning davlat idoralariga ishonchini mustahkamlash, joylardagi muammolarni tezkor hal etish va fuqarolar roziligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Powered by GSpeech