MUNOSABAT: Yunusobod poytaxtning ilg‘or tumanlaridan biriga aylanadi

17.12.2025 / 55

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahri Yunusobod tumanida joylashgan “Yunusobod galereyasi” majmuasiga amalga oshirgan tashrifi mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, IT sohasini yangi bosqichga olib chiqish hamda yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish borasidagi islohotlarning izchil davomi ekanini yaqqol namoyon etdi.

Tashrif doirasida Yunusobod tumanidagi 64 ta mahallada istiqomat qilayotgan 57 833 nafar yoshlarni raqamli texnologiyalar va axborot texnologiyalari sohasiga keng jalb etish, ularning bandligini ta’minlash, startap va innovasion loyihalarga yo‘naltirish hamda yuqori daromadli kasb-hunarlarni egallashlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, IT infratuzilmasini yanada rivojlantirish, zamonaviy o‘quv markazlari va kovorking maydonlarini tashkil etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, milliy IT mahsulotlari va dasturiy ta’minotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda raqamli davlat xizmatlarini kengaytirish orqali yoshlarni raqobatbardosh, zamon talablariga javob beradigan mutaxassislar sifatida shakllantirishga qaratilgan davlat siyosatining amaliy natijalari namoyon bo‘ldi.

Ushbu tashabbuslar nafaqat yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, balki ularning ijtimoiy faolligini oshirish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiladi. Natijada Yunusobod tumani zamonaviy, innovasion va yuqori texnologik hudud sifatida rivojlanib, poytaxtning ilg‘or tumanlaridan biriga aylanishiga mustahkam zamin yaratiladi.

Powered by GSpeech