Munosabat: Mahalla — jamiyat taraqqiyotining mustahkam poydevori
2026 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi. Bu qaror xalqimiz hayotida mahalla institutining o‘rni va ahamiyati yanada ortib borayotganining yorqin dalilidir.
"Biz 38 milliondan ortiq aholiga ega, matonatli, g‘ururi baland, o‘z taqdiriga befarq bo‘lmagan buyuk xalqmiz. Biz o‘zgarishlarni chetdan kutib yashaydigan millat emasmiz — ularni o‘z qo‘limiz bilan yaratadigan, taraqqiyotga intiladigan xalqmiz". Davlatimiz rahbarining mazkur da’vatlari har bir fuqaroni faxr va mas’uliyat ruhida birlashtirmoqda.
Prezidentimiz o‘z chiqishlarida xalqaro hamjamiyat tomonidan O‘zbekistonda mahalla tizimi jamiyat boshqaruvining asosiy bo‘g‘ini sifatida e’tirof etilayotganini ta’kidladi. Bu esa mahallada faoliyat olib borayotgan “mahalla yettiligi” tizimining samarali ishlayotgani, aholi bilan bevosita muloqot va hamkorlik yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi.
Mahalla — bu shunchaki hududiy tuzilma emas, balki ijtimoiy birdamlik, ahillik va o‘zaro yordam an’analarini o‘zida mujassam etgan noyob institutdir. Bejizga xalqimiz: “Birlashgan — o‘zar, birlashgan — to‘zar”, deya ta’kidlamagan. Prezidentimiz ham: “Biz birlashsak, albatta g‘alabaga erishamiz”, deb qayd etdi.
Oila oilaga, qo‘shni qo‘shniga yelkadosh bo‘lib yashayotgan mahalla — xalqni xalq, yurtni yurt qilib turadigan muqaddas maskandir. Mahalla manfaati — yurt manfaati. Mahalla ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va barqaror bo‘ladi.
Davlat rahbari tomonidan belgilangan olti ustuvor vazifa mahallalarni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan. Xususan, mahalla infratuzilmasini yaxshilash — yo‘l, ichimlik suvi, jamoat transporti, maktab, bog‘cha va oilaviy poliklinikalar faoliyatini tizimli baholash va rivojlantirish muhim vazifa sifatida belgilandi. Shuningdek, “EKO shahar” barpo etish, yashil hududlar va bog‘lar yaratish borasida deputatlarga aniq topshiriqlar berildi.
2030 yilga qadar Yangi O‘zbekiston qiyofasini shakllantirish — bu barchamizning umumiy yutug‘imizdir. Ayniqsa, ma’naviyat sohasini yanada yuksaltirish maqsadida alohida davlat dasturi ishlab chiqilishi mamlakat kelajagi uchun muhim qadam bo‘ladi.
Prezidentimiz buyuk bobomiz Mirzo Ulug‘bekning yulduzlar xaritasini yaratganini eslar ekan, bugungi avlod oldida turgan ulug‘ maqsadni ham aniq belgilab berdi: bu — “Baxtli hayot” xaritasini yaratishdir. Bu xarita xalq farovonligi, inson qadri va kelajak avlod baxtiga xizmat qiladi.
Ishonch bilan aytish mumkinki, birlashib harakat qilsak, ko‘zlangan marralarga albatta yetamiz. Birlashsak — xalq bo‘lamiz, bir bo‘lsak — Vatan bo‘lamiz.
Prezident tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar, xususan, Yangi O‘zbekiston qiyofasini yaratish va yoshlarning baxtli kelajagini ta’minlashga qaratilgan g‘oyalar “Baxtli hayot” xaritasini amalga oshirishda mustahkam dastur bo‘lib xizmat qiladi.
Iqbolxon Ashrapova,
Xalq deputatlari Yunusobod tumani Kengashi deputati,
Yunusobod tumani “Nuroniy” jamoatchilik kengashi raisi
O'zbekcha
Русский
English