MUNOSABAT: Deputatlar xalqimiz ishonchini oqlash va yurtimiz farovonligini ta’minlashda tashabbusni qo‘lga oladi
Bugun jonojon O‘zbekistonimiz yildan-yilga qudratli davlatga aylanmoqda. Buni isbotlash uchun yetarlicha asoslarim bor. Davlatimiz rahbari islohotlar karvonini yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga xizmat qiladigan yo‘ldan olib bormoqda. Bu ortga qaytmas islohotlar qisqa muddatlarda hayotda o‘z aksini topmoqda. Yangi O‘zbekiston rivojlanish, taraqqiyot sari ildamlab bormoqda.
Parlament va mahalliy kengashlarga joriy yilning 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda ana shu islohotlar ko‘zga yaqqol ko‘rindi. Boisi, saylovlar mutlaqo yangilangan huquqiy normalar asosida va shaklan milliy davlatchiligimiz uchun yangi tajriba asosida o‘tkazildi. Ya’ni Qonunchilik palatasi saylovi mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor majoritar-proporsional tizim asosida o‘tkazildi. Yangi shakllangan parlamentning Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan majlisi va unda Prezidentimiz nutq so‘zlagani, ilgari surilgan tashabbus va takliflar, bildirilgan fikrlar biz mahalliy kengash deputatlarning shijoatimizga shijoat qo‘shdi. Ma’ruzani diqqat bilan tingladim, hatto gazetada qayta- qayta o‘qib chiqdim. Undagi eng muhim jihatlarni aytsam, yaqinda bo‘lib o‘tgan saylov va uning natijasi yangi O‘zbekiston tarixidagi yana bir muhim burilish nuqtasi bo‘ldi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘tgan vaqt mobaynida islohotlar ko‘lami kengaygani, odamlarning fikri, ertangi kunga ishonchi o‘zgargani bor gap. Bugun nafaqat kechagi kun bilan yashab bo‘lmaydi, balki hatto bugunning o‘zi bilan yashash ham amalda ortda qolishni anglatadi. Davlatimiz rahbari o‘tgan besh yildagi dasturlar ijrosiga to‘xtalib o‘tar ekan, ushbu vaqt mobaynida iqtisodiyot 2 karra o‘sib, 100 milliard dollarlik tarixiy marradan oshganiga alohida urg‘u berdi. Bu aholi jon boshiga daromad 3 ming dollarga yetishini kutishga to‘la haqli ekanimizga ishoradir. Ushbu davr mobaynida eksport qariyb 2 barobar o‘sib, ilk bor 25 milliard dollardan, oltin-valyuta zaxiralari esa 40 milliard dollardan oshgani ham tariximizda misli ko‘rilmagan va zabt etilgan yuksak marralardir.
Ta’lim,tibbiyot, ilm-fan ravnaq topdi. Ayniqsa, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda Oliy ta’limga qamroq ishonib bo‘lmas darajaga yetmoqda. Bugun Poytaxtimizda oliy ta’lim dargohlari shunchalik ko‘paydiki, ularda ilm olishga ishtiyoqi baland yigit–qizlar tahsil olmoqda. Transport vositalarida, metro bekatlarda yoshlarimiz xorijiy tillarda o‘zaro muloqot qilayotganligini ko‘rib, xavasim ortada. Jonajon vatanimning kelajagi yaqqol ko‘z oldimda gavdalanadi. Yangi O‘zbekiston islohotlar mohiyatida, tub zamirida va markazida, eng avvalo, inson manfaati yotadi. Quvonarlisi, so‘nggi yetti yildagi islohotlar to‘lqini kirib bormagan soha qolmadi. Hali maqsad va rejalarimiz ko‘p. Buni qarang, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan. Bu katta qadam ortida mashaqqatli mehnat ham yotibdi. Bu yilning o‘zida barcha imkoniyatlar ishga solingani tufayli 110 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Demak, davlatimiz yanada ravnaq topib, xalqimiz farovonligi oshadi. Bunday raqamlarni eshitib bir quvonsam, Prezidentimiz ma’ruzasidagi tashabbuslarni o‘qib, ertangi kunimdan, farzandlarimning kelajagidan ko‘nglim to‘ladi.
Ma’ruzada Prezidentimiz tanlagan yo‘limizdan og‘ishmay, sur’atni pasaytirmay, bir bo‘lib ishlashimiz orqali 2030-yilga borib, iqtisodiyotimiz hajmini 200 milliard dollarga yetkazish imkoniyatimiz mavjudligini aytganida, barchamiznini yanada ruhlantirdi. Muxtasar aytganda, Oliy Majlis palatalarining yig‘ilishlarida qisqa va uzoq istiqboldagi islohotlar tarixga muhrlandi.
Biz Xalq deputatlari Yunusobod tuman kengashi deputatlari ilgari surgan tashabbuslari, dastur va maqsadlarini amaliyotga tatbiq qilishda bor bilim va ko‘nikmalarimizni, kuch va g‘ayratimizni safarbar qilamiz.
Iqbolxon Ashrabova, Xalq deputatlari Yunusobod tumani kengashi deputati
O'zbekcha
Русский
English