Millatimiz ma’naviyati va adabiyotining so‘nmas siymolari

12.02.2025 / 168

Millatimiz ma’naviyati va adabiyotining so‘nmas siymolari bo‘lgan Mir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi Yunusobod tumanining barcha umumta’lim maktablarida, oliy o‘quv yurtlarida hamda muassasa va tashkilotlarida keng nishonlanmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri "Sevinch" mahalla hududidagi 250-sonli umumta’lim maktabida tashkil etildi.

Mazkur tadbir Xalq deputatlari Yunusobod tumani kengashi deputati, Yunusobod tumani "Nuroniy" kengashi raisi Iqbolxon Ashrapova tashabbusi bilan "Uch avlod uchrashuvi" tamoyili asosida "Ikki daho ijodiga ehtirom" mavzusida o‘tkazildi.

Tadbirda Tuman ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi rahbari Komola Miraminova, Buvijonlar maktabi rahbari Zamira Xamidova, hamda "Sevinch", "Bobodexqon", "Axilobod" va "Oq tepa" mahallalarining "Keksalar maslahat guruhi" a’zolari ishtirok etdi.

Tadbirda ishtirokchilarga ushbu ikki daho — Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning bebaho asarlarining ma’naviy teranligi va badiiy yuksakligi bilan xalqimiz va butun insoniyatga ulkan hissa qo‘shganligi ta’kidlandi. Tadbirda maktab o‘quvchilari mazkur ijodkorlarning o‘lmas asarlaridan namunalarni ijro etib berdi.

Shuningdek, Nuroniylar tomonidan Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlaridagi ezgu g‘oyalardan yoshlarimizni bahramand etish, ajdodlarimiz merosiga yuksak ehtirom ko‘rsatish lozimligi ta’kidlandi. Tadbir, Uch avlod vakillarining ikki buyuk shaxs ijodiga bo‘lgan hurmatni namoyon etgan holda, ona Vatanga muhabbat va sadoqatni mustahkamlashdagi ahamiyatiga ega bo‘ldi.

Bu tadbir, har bir avlodning bir-biriga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish va tarixi, madaniyati, adabiyotiga bo‘lgan cheksiz hurmatni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.

Powered by GSpeech