“Mahalla yettiligi” vakillariga bilim va ko‘nikmalar berildi

07.01.2025 / 281

Mahalla — barchamizni jipslashtiradigan, mehr-oqibatni, insoniylikni o‘rgatadigan, asrlar osha milliy urf-odat va an’analarimizni bezavol saqlab keladigan maskan.

Yunusobod tumanida Toshkent Axborot texnologiyalari universitetida o‘tkazilgan amaliy seminarda “Mahalla yettiligi”ning asosiy vazifalari, yettilik zimmasidagi burch va mas’uliyat, faoliyati davomida ular nimalarga e’tibor qaratishi kerak, degan masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Unda Yunusobod tumanida Respublika Mahallalar uyushmasi maslahatchisi X. Ketmonov, Yunusobod tuman hokimining 1-o‘rinbosari A.To‘laganov, Yunusobod tumani Mahallalar uyushmasi bo‘limi boshlig‘i X. Mullajonov va 64 ta mahallalardagi yettilik rahbarlari ishtirok etdi.

Kun tartibidagi mavzu bo‘yicha X.Ketmonov so‘zga chiqib, mamlakatimizda kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga o‘tish jarayoni kechayotgan bugungi kunda mahalla tizimining jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va roliga to‘xtaldi. Qayd etilganidek, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan mahallani xalq bilan davlat o‘rtasida ko‘prik vazifasini amalga oshiruvchi mustaqil va xalqchil tuzilmaga, aholini qiynayotgan muammolarni mahallaning o‘zida hal qilish, ishsizlik, jinoyatchilik, oilaviy ajralishlarni bartaraf etish, umuman, mahallani obod va nurli maskanga aylantirish maqsadida "Mahalla yettiligi" tizimi yaratildi. Bugungi kunda mazkur tizim tomonidan e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.

Seminarda “Mahalla yettiligi” faoliyati samaradorligini oshirish, yettilik a’zolarining bilim, malaka va ish tajribasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish lozimligi yuzasidan bilim va ko‘nikmalar berildi.

Muloqotlarda tumandagi 1-sektor hududidagi “Bog‘i Eram” mahallasi yettiligi faoliyati namuna sifatida ko‘rsatildi.

Qayd etilganidek, mahallada ishsizlikdan, kambag‘allikdan, ajrimdan, hamda jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha “OMBOR DAFTARI” prezentatsiya qilinib, 2025 yil davomida barcha yo‘nalishda amalga oshiriladigan ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilishi ko‘rsatildi.

Shuningdek, tadbirda “Mahalla yettiligi” vakillarining asosiy vazifalari, belgilangan ishlarni samarali tashkil etish, bu borada ularning mas’uliyatini oshirish, har bir ishga sidqidildan yondashish muhimligi, umuman, samarali natijalarga erishish, ish hujjatlari to‘g‘ri yuritilishini ta’minlash, ilg‘or tajribalardan foydalanish yuzasidan topshiriq, taklif va tavsiyalar berildi.

Erkin fikr almashish, ochiq muloqot, savol-javob asosida o‘tgan seminarda ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob berildi.

Powered by GSpeech