Mahalla saylovini o‘tkazuvchi komissiyaning navbatdagi yigʻilishi o‘tkazildi

07.04.2025 / 212

Yunusobod tumani hokimligida Mahallalar uyushmasi raisi X.Mullajonov rahbarligida mahalla raisi saylovini o‘tkazish bo‘yicha yig‘ilish tashkil etildi. Unda mahalla saylovini o‘tkazishga mas’ul komissiya a’zolari ishtirok etdi. Yig‘ilishda, joriy yilning may oyida mamlakatimizda, shu jumladan, Yunusobod tumanida fuqarolar yig‘ini raisi saylovlarini adolatli va shaffof o‘tkazish uchun amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Qayd etilganidek, Yunusobod tumanida jami 64 ta mahalla mavjud.

O‘tgan yili Adolat, Otchopar 1 va Hiyobontepa mahallalarida bo‘shab qolgan mahalla raisi o‘rinlariga saylovlar o‘tkazilgan. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ushbu mahalla raislarining saylangan muddati tugagach, ular o‘rnida qaytadan saylovlar o‘tkazilishi kerak. Shu boisda Yunusobod tumanida 61 ta mahallada mahalla raisligiga saylovlar o‘tkaziladi.

Komissiya yig‘ilishida, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari saylovini tashkil qilish va o‘tkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Har bir komissiya a’zosiga o‘ziga biriktirilgan mahallalarda saylovlarni tashkil etish, fuqarolarning fikrlarini inobatga olib, mahalla raisi lavozimiga nomzodlar bo‘yicha takliflar tuzish va ularning hujjatlarini tayyorlash vazifalari yuklatildi. Mutasaddi tashkilotlar va mas’ul shaxslarga “Kalendar rejasi”da belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, shuningdek, tuman komissiyasi tomonidan olib boriladigan ishlarning aniq topshiriqlari berildi.

Powered by GSpeech