Loyihalar yarmarkasi o‘tkazildi

01.05.2025 / 118

  2025 yil 1 may kuni “UzExpo” markazida Yunusobod tumani hokimligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi hamda tumandagi tijorat banklari hamkorligida loyihalar yarmarkasi tashkil etildi.

  Mazkur tadbirning asosiy maqsadi — fuqarolarning tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish, o‘z biznes g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishlarida ularga amaliy ko‘mak berish, shuningdek, tijorat banklari bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yishdir.

  Loyihalar yarmarkasida tumanda faoliyat yuritayotgan 9 ta tijorat banki va 50 ga yaqin tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan fuqarolar ishtirok etdi. Tadbir doirasida fuqarolar o‘z biznes g‘oya va loyihalarini taqdim etib, ularni amalga oshirish uchun moliyaviy hamkorlar — banklar va investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

  Tadbirda tijorat banklari va tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, yangi biznes loyihalarni muhokama qilish hamda ularni moliyalashtirish mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz yoki kam daromadli fuqarolar uchun bu kabi yarmarkalar katta ahamiyat kasb etadi.

 Tadbir doirasida bank mutaxassislari tomonidan biznes reja tuzish, kredit mablag‘larini olish tartibi, foiz stavkalari, to‘lov muddatlari kabi masalalar bo‘yicha keng qamrovli tushuntirish va maslahatlar berildi. Shu orqali ishtirokchilarning moliyaviy savodxonligi oshdi, biznesni qanday boshlash va yuritish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilandi.

 Shuningdek, yarmarka ishtirokchilari uchun muvaffaqiyatli tadbirkorlar bilan tajriba almashish, amaliy tavsiyalar olish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar ochildi.

 Bu kabi loyihalar yarmarkalari tuman miqyosida fuqarolarning iqtisodiy faolligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Powered by GSpeech