LOYIHALAR YARMARKASI
Yunusobod tumani hokimligi tashabbusi bilan Yoshlar ijod saroyida navbatdagi "Loyihalar yarmarkasi" yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — fuqarolar, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy faollikni oshirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga hissa qo‘shishdan iborat.
Tadbirda Yunusobod tumani hokimining o‘rinbosarlari, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlari vakillari, mahalla hokim yordamchilari, mutaxassislar, tajribali tadbirkorlar hamda o‘z biznesini boshlash istagida bo‘lgan yuzlab fuqarolar faol ishtirok etdi.
Yarmarka doirasida ellikdan ortiq mahalliy tadbirkorlar o‘z loyihalari bilan ishtirok etib, turli sohalar — qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, tekstil, xizmat ko‘rsatish va hunarmandchilik yo‘nalishlaridagi biznes g‘oyalarini taqdim etishdi. Tadbirkorlar o‘z loyihalari orqali ish o‘rinlarini yaratish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish va yangi texnologiyalarni joriy etishni maqsad qilib olishgan.
Yarmarka doirasida maxsus ko‘rgazmalar tashkil etilib, ishtirokchilar o‘z loyihalarini amaliy namoyish etish imkoniga ega bo‘lishdi. Shuningdek, tijorat banklari tomonidan kredit liniyalari, imtiyozli moliyalashtirish dasturlari, soliq yengilliklari va davlat tomonidan beriladigan subsidiyalar haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Tadbir yakunida tadbirkorlar va bank vakillari o‘rtasida o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi, biznes loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki memorandumlar imzolandi. Bu esa Yunusobod tumanida yangi ish o‘rinlari yaratish va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashga keng yo‘l ochadi.
Loyihalar yarmarkasi tadbirkorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, moliyaviy yordam mexanizmlari va davlatning doimiy ko‘magi samarasida tadbirkorlikni rivojlantirishda muhim platforma vazifasini o‘tamoqda.
O'zbekcha
Русский
English