Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va aholi murojaatlarini hal qilinishi muhokama qilindi
Yunusobod tumani hokimi B.Abduvaliyev boshchiligida navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi o‘rinbosarlari, tuman prokurori, tuman IIO FMB boshlig‘i, Davlat soliq inspeksiyasi, shuningdek, tegishli tashkilotlar va boshqaruv servis kompaniyalari (BSK) rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish kun tartibida “Xalq nazorati” platformasi va 1055-markaziy dispetcherlik xizmatiga kelib tushayotgan murojaatlarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish va ularning ijrosini ta’minlash, 2025–2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, jumladan, issiqlik ta’minoti tizimlarining texnik holatini tekshirish hamda zarur ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, ko‘p qavatli uylardagi issiqlik tarmoqlarini bosim ostida yuvish ishlarini o‘z vaqtida va to‘liq bajarish, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning debitor qarzdorligini qisqartirish, energiya resurslaridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish mexanizmlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Тuman hokimi B.Abduvaliyev barcha muhokama qilingan masalalar bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi va ularni kechiktirmasdan, belgilangan muddatlarda sifatli ijro etishni qat’iy talab qildi. Har bir mas’ul rahbar o‘z sohasidagi kamchilik va muammolarni zudlik bilan bartaraf etishi, aholi murojaatlariga mas’uliyat bilan yondashishi hamda mavsumiy tayyorgarlik ishlarini belgilangan tartibda amalga oshirishi shartligi ta’kidlandi.
O'zbekcha
Русский
English