Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha o‘quv mashg‘uloti
Yunusobod tumani hokimi B.Abduvaliyev rahbarligida Prezident administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Respublika bosh prokuraturasi hamda mas’ul xodimlari ishtirokida kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan saf yig‘ilishi va o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda tuman prokuraturasi, tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, Milliy gvardiya, tuman FVB bo‘limi, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, shuningdek, boshqarma, tashkilot va korxona rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda mavsum oldidan issiqlik ta’minoti tizimlari, elektr energiyasi va suv ta’minoti tarmoqlarining barqaror ishlashi, aholi turmushi uchun qulay sharoit yaratish hamda ehtimoliy favqulodda holatlarni oldini olish choralari atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda hokim kuz-qish mavsumida barqaror faoliyat yuritish uchun barcha mas’ul tashkilot va idoralar tomonidan misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirilganligi ta’kidlanib, yana bir marta hududlardagi binolarning texnik holatini qayta ko‘rib chiqish, issiqlik uzatish inshootlarini ta’mirlashni yakuniga yetkazish, energiya tejovchi zamonaviy uskunalarni joriy etish muhim ahamiyat kasb etishi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bilan birga, kommunal tashkilot va boshqaruv tashkilotlari tomonidan yoqilg‘i hamda boshqa zarur ehtiyot qismlar zaxirasini yaratish bo‘yicha rejalar belgilab berildi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida mas’ullarga mavjud kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, tizimli hamkorlikni kuchaytirish hamda har bir mahalla kesimida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha kunlik choralar ko‘rish bo‘yicha vazifalari yuklatildi.
Yig‘ilish yakunida tuman hokimi tomonidan sohaviy rahbarlarga aholi xavfsizligini ta’minlash, turmush sharoitini yaxshilash va qish mavsumida ijtimoiy obyektlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
O'zbekcha
Русский
English